Xavfsizlik qoidabuzarliklari haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi

O‘zbekistonda sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalari buzilishi haqida xabar bergan fuqarolarni rag‘batlantirish tizimi joriy etilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
2026-yil 1-avgustdan boshlab xavfli ishlab chiqarish obyektlari va texnik qurilmalardan foydalanishda aniqlangan huquqbuzarliklar haqida Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga foto va (yoki) videomateriallar orqali xabar berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur tartib orqali murojaat qilgan shaxslarni rag‘batlantirish ham nazarda tutilgan.
Qaror bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, taqdim etiladigan materiallarda huquqbuzarlikning mohiyati, sodir etilgan manzil (geolokatsiya), sana va vaqt aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi shart. Bu talablar kelib tushgan ma’lumotlarni tezkor va aniq ko‘rib chiqish imkonini beradi.
Axborot tizimi orqali yuborilgan materiallar hamda «E-ma’muriy ish» uchun zarur ma’lumotlar qo‘mitaning hududiy bo‘linmalari tomonidan uch ish kuni ichida joyiga chiqqan holda o‘rganiladi. Mas’ul xodim qonunchilikka muvofiq ma’muriy ish qo‘zg‘atadi, dalillarni rasmiylashtiradi va tegishli qaror qabul qiladi.
Shuningdek, foto yoki videomateriallarni taqdim etgan shaxs aniqlangan huquqbuzarlik uchun undirilgan jarimaning qo‘mitaga o‘tkazilgan qismining 20 foizi miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yer qa’ridan foydalanish qoidalarini buzish holati haqida xabar bergan fuqarolar pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi haqida yozgan edik.