AQSh va Eron urushni yakunlash bo‘yicha kelishuvga yaqinlashmoqda — manba

eʼlon qilindi
Oq uy 14 banddan iborat o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishiga ishonch bildirmoqda
Foto: Anadolu Ajanasi

AQSh va Eron o‘rtasidagi urushni yakunlash hamda yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarga asos yaratuvchi memorandum imzolanishi arafasida turibdi. Bu haqda Axios nashri manbalarga tayanib xabar bermoqda.

14 banddan iborat memorandum loyihasi AQSh maxsus vakillari Stiv Uitkoff hamda Jared Kushner tomonidan Eron rasmiylari bilan kelishilmoqda. Hujjatda urushni to‘xtatish, Hormuz bo‘g‘ozini ochish, sanksiyalarni bekor qilish va Eron bandargohlari qamalini olib tashlash bo‘yicha 30 kunlik muzokaralar boshlanishi nazarda tutilgan.

Muzokaralar Islomobod yoki Jenevada o‘tkazilishi kutilmoqda va jarayon to‘xtab qolsa, AQSh harbiy harakatlarni qayta tiklash huquqini saqlab qoladi. Kelishuvga ko‘ra, Eron yadro qurolidan voz kechishi, yuqori darajada boyitilgan uranni mamlakatdan olib chiqishi va BMTning rejadan tashqari tekshiruvlariga rozi bo‘lishi talab etiladi. Buning evaziga AQSh sanksiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilishi hamda muzlatilgan mablag‘larni qaytarishi belgilangan.

Tomonlar uranni boyitish bo‘yicha moratoriy muddati ustida hamon bahslashmoqda: Eron 5 yilni taklif qilgan bo‘lsa, AQSh 20 yil talab qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 28-fevralda boshlangan urush ortidan Eron jahon neftining 15-20 foizi o‘tadigan Hurmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘ygan, 8-apreldan beri esa tomonlar o‘rtasida tez-tez buzilayotgan vaqtinchalik sulh amalda bo‘lib turibdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eron AQShdan Hormuz blokadasini ochishni so‘rayotgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek