Ayuna Nechayeva: Kapital uchun shaffoflik muhim

Rivojlanayotgan mamlakatlar kompaniyalari uchun xalqaro kapital bozorlariga chiqish hanuz murakkab va resurs talab qiladigan jarayon boʻlib qolmoqda. Bunda faqat moliyaviy koʻrsatkichlarning oʻzigina yetarli emas. Koʻpincha korporativ boshqaruv sifati, tartibga solish tizimining takomillashgani va iqtisodiy siyosatning barqarorligi hal qiluvchi omil bo‘ladi. Soʻnggi yillarda moliya sektori va meʼyoriy-huquqiy bazani izchil isloh qilayotgan Oʻzbekiston uchun global kapital bozorlariga integratsiya endi strategik vazifadan amaliy bosqichga oʻtmoqda.
London fond birjasi anʼanaviy ravishda rivojlanayotgan bozorlardan chiqayotgan emitentlar uchun asosiy platformalardan biri hisoblanadi. Birja chuqur likvidlikni taʼminlaydi va xalqaro institutsional investorlarning keng doirasiga kirish imkonini beradi. Shu bilan birga, investorlarning Markaziy Osiyoga boʻlgan qiziqishi mintaqaviy xatarlar va tarkibiy islohotlar uygʻunligi fonida shakllanmoqda. Aynan shu omillar alohida mamlakatlar va kompaniyalarning investitsiya jozibadorligini belgilab beradi.
Kursiv Research London fond birjasining 2026-yildagi ustuvor yo‘nalishlari, o‘zbek kompaniyalarining birjaga chiqishga tayyorligi, listinglar va yevrobondlarning o‘rni hamda xalqaro investorlarning asosiy talablari xususida London fond birjasining Yevropadagi birlamchi bozorlar bo‘limi rahbari Ayuna Nechayeva bilan suhbatlashdi.

— Yevropadagi birlamchi bozorlar yoʻnalishining rahbari sifatida 2026-yilga moʻljallangan asosiy ustuvor vazifalaringiz qanday?
— Mening asosiy ustuvor vazifam — London fond birjasiga Yevropa, MDH va Markaziy Osiyodan yangi emitentlarni jalb etish. Bu aksiyalarni joylashtirishga tayyor yoki yaqin boʻlgan kompaniyalarni aniqlashni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, kapital bozorlari boʻyicha maslahatchilar, toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar va venchur kapital fondlari hamda yangi listinglar shakllanishiga hissa qoʻshuvchi davlat institutlari bilan hamkorlik muhim yoʻnalishlardan biridir.
Jamoamiz faoliyatining katta qismi Londonda aksiyalarni joylashtirishga tayyorgarlik koʻrayotgan kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Biz ularga roʻyxatdan oʻtish jarayonini belgilangan muddatlarda muvaffaqiyatli yakunlash uchun zarur maʼlumot va yoʻriqnomalarni taqdim etamiz.
— Oʻzbekistonning xalqaro kapital bozorlariga chiqishga tayyorligini qanday baholaysiz?
— Oʻzbekiston davlat kompaniyalari tegishli vazirlik va idoralar, jumladan, UzAssets hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan muvofiqlashtirilgan holda xalqaro kapital bozorlariga chiqish boʻyicha katta tayyorgarlik ishlarini amalga oshirdi.
Xususiy sektorda esa qator kompaniyalar allaqachon Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya institutlarini aksiyador sifatida jalb qilgan. Bu esa global investorlar talab qiladigan yuqori standartlarga moslikni koʻrsatadi.
Mamlakatda davlat darajasida keng koʻlamli islohotlar davom etmoqda. Xususan, oʻtgan yil oxirida kapital bozorlari toʻgʻrisidagi yangi qonun qabul qilindi. Ushbu hujjat ichki fond bozorini rivojlantirishga qaratilgan boʻlib, kompaniyalarga mahalliy birjada aksiyalarni joylashtirgan holda xorijiy platformalarda ikki tomonlama listing oʻtkazish hamda xorijiy valyutada obligatsiyalar chiqarish imkonini beradi. Bu esa Oʻzbekiston kapital bozorining raqobatbardoshligi va investitsiyaviy jozibadorligini oshiruvchi muhim omil hisoblanadi.
— Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo kompaniyalari uchun Londonda birjaga chiqish yoki listing qilishda qanday imkoniyatlar mavjud?
— Biz rivojlanayotgan bozorlar milliy birjalari bilan doimiy hamkorlikda ishlaymiz. London fond birjasining asosiy maqsadi — ikki tomonlama listinglar orqali qoʻshimcha qiymat yaratish. Bizning asosiy ustunligimiz — dunyodagi eng yirik va geografik jihatdan xilma-xil institutsional investorlar bazasiga kirish imkoni.
Bu shuni anglatadiki, bir vaqtning o‘zida ham Toshkent fond birjasida, ham Londonda joylashtirilgan O‘zbekiston kompaniyalari nafaqat mahalliy, balki sezilarli xalqaro kapitalni ham jalb qilishi mumkin. Bunday model, shuningdek, ikkilamchi bozorda likvidlikning o‘sishiga va emitentning xalqaro tanilishini oshirishga yordam beradi.
Yillar davomida men ikki tomonlama listing bilan ko‘plab birlamchi ommaviy aksiyalarni joylashtirishda (IPO) ishtirok etdim. Bu yaxshi ishlab chiqilgan mexanizm bo‘lib, O‘zbekiston kabi mamlakatlarga odatda yuzlab million dollarlik katta miqdordagi mablag‘larni jalb qilish imkonini beradi. Bitimning tuzilishiga qarab, jalb qilingan kapitalning bir qismi yoki hammasi biznesni rivojlantirishga yo‘naltirilishi mumkin. Aksiyalarni to‘liq ikkilamchi ommaviy joylashtirishda mablag‘larni sotuvchi aksiyadorlar o‘z investitsiyalarini monetizatsiya qilish orqali oladilar.
Xususiylashtirish jarayonida esa IPO orqali tushgan mablagʻlar toʻliq davlatga yoʻnaltiriladi. Bu mamlakat iqtisodiyotiga bevosita foyda keltiradi. Men ishtirok etgan eng yirik xususiylashtirish bitimlaridan biri markaziy bank nomidan amalga oshirilgan boʻlib, sotuvchiga $5,2 mlrd daromad keltirgan. Ishonchim komilki, Oʻzbekiston kompaniyalari Londonda muvaffaqiyat qozonadi. Buni soʻnggi besh yil ichida London fond birjasida joylashtirilgan Oʻzbekiston yevrobondlariga nisbatan barqaror xalqaro talab ham tasdiqlamoqda.
— Rivojlanayotgan bozorlardan chiqqan kompaniyalar xalqaro listingga tayyorgarlik jarayonida qanday qiyinchiliklarga duch keladi?
— Bu qiyinchiliklar turli xususiyatga ega. Tuzilmaviy darajada ayrim mamlakatlarda kapital harakati cheklanadi. Qonunchilik esa kompaniyalarning chet elda roʻyxatdan oʻtishi yoki depozitar tilxatlar kabi xalqaro moliyaviy vositalardan foydalanishini murakkablashtiradi.
Kompaniyalar ichida esa asosiy muammo fikrlash tarzini oʻzgartirish bilan bogʻliq. Yopiq modeldan ochiq va shaffof boshqaruvga oʻtish oson kechmaydi. Ommaviy bozorlar yuqori darajadagi oshkoralikni talab qiladi. Bu esa muntazam moliyaviy va operatsion hisobotlarni eʼlon qilishni anglatadi.
Aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirishdan oldin kompaniya ichki tizimlarini mustahkamlashi kerak. Korporativ boshqaruv, ichki nazorat va risklarni boshqarish mexanizmlari toʻliq yoʻlga qoʻyilishi zarur. Bu jarayon vaqt va resurs talab qiladi, biroq uzoq muddatda oʻzini oqlaydi.
Ommaviy maqom kompaniya uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Bozor bahosi oshadi. Qarz va aksiyadorlik moliyalashtirishiga kirish osonlashadi. Koʻpincha bunday moliya manbalari arzonroq boʻladi. Shuningdek, aksiyalarni birlashish va sotib olish bitimlarida qoʻllash imkoniyati paydo boʻladi. Bundan tashqari, kompaniya xodimlarni ragʻbatlantirish va iqtidorli mutaxassislarni jalb qilishda ham qoʻshimcha vositalarga ega boʻladi.
— London fond birjasi Markaziy Osiyo kompaniyalarini bozorga chiqishining ilk bosqichlarida qanday qoʻllab-quvvatlaydi?
— Biz aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirishga tayyorgarlikning dastlabki bosqichidayoq kompaniyalar bilan ishlashga tayyormiz. Londonda IPO va kapital jalb qilish masalalari boʻyicha individual uchrashuvlar hamda oʻquv seminarlari tashkil etamiz. Bu jarayonlar odatda investitsiya banklari, yuridik firmalar, auditorlar va investorlar bilan aloqalar boʻyicha mutaxassislar bilan hamkorlikda oʻtkaziladi.
Bundan tashqari, kapital bozorlari mavzusidagi konferensiyalarni nafaqat Londonda, balki Yevropa va Markaziy Osiyoning yetakchi mamlakatlarida ham muntazam tashkil etamiz. Ushbu tashabbuslar orqali kompaniyalarga Britaniya bozori qoidalari, investorlar kutishlari va IPO’ga tayyorgarlik jarayonida yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan xatolar haqida aniq va amaliy tavsiyalar beriladi.
Shuningdek, biz kompaniyalarga tegishli maslahatchilar bilan aloqa oʻrnatishda ham koʻmaklashamiz. Muhimi, ushbu xizmatlarning barchasi bepul taqdim etiladi. Asosiy maqsadimiz: birjada roʻyxatga olinadigan kompaniyalar doirasini kengaytirish va ularni global moliyaviy ekotizimga integratsiya qilishdir.
Markaziy Osiyo bozorlari esa xalqaro investorlar uchun alohida qiziqish uygʻotmoqda. Chunki ushbu mintaqa boshqa hududlarda kam uchraydigan noyob oʻsish imkoniyatlarini taklif etadi.
— Global investorlar shaffoflik, hisobot berish va korporativ boshqaruv nuqtai nazaridan kompaniyalardan nima kutmoqda?
— London fond birjasi listing qoidalari hamda Moliyaviy tartibga solish va nazorat boshqarmasi talablari xalqaro investorlarning asosiy kutilmalarini aniq aks ettiradi. Umuman olganda, bu talablarni uchta muhim yoʻnalishga ajratish mumkin.
Birinchidan, kompaniyalar moliyaviy hisobotlarni muntazam eʼlon qilib borishi shart. Odatda, bu yiliga kamida ikki marta — yarim yillik va yillik hisobotlarni taqdim etishni anglatadi.
Ikkinchidan, aksiyalar qiymatiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan har qanday muhim maʼlumot darhol oshkor etilishi kerak. Bu bozor ishtirokchilari uchun teng sharoit yaratadi va investorlarga tezkor qaror qabul qilish imkonini beradi.
Uchinchidan, korporativ boshqaruv tizimi mustaqil nazorat elementlarini oʻz ichiga olishi zarur. Xususan, direktorlar kengashida mustaqil ijrochi boʻlmagan aʼzolar boʻlishi kerak. Ularning asosiy vazifasi barcha aksiyadorlar, jumladan, xalqaro institutsional investorlar manfaatlarini muvozanatda ushlab turishdan iborat.
Bu yoʻnalish keng qamrovli boʻlgani sababli, London fond birjasi korporativ boshqaruv va maʼlumotlarni oshkor qilish masalalariga bagʻishlangan konferensiyalar hamda vebinarlarni muntazam oʻtkazib keladi.
Amaliyot shuni koʻrsatadiki, shaffoflik va hisobdorlik standartlarini izchil oshirgan kompaniyalar kengroq investorlar eʼtiborini jalb qiladi. Natijada bunday kompaniyalarda investitsiya talabi barqarorlashadi va bozor likvidligi oshadi.
— Markaziy Osiyo kompaniyalari uchun bozorga yakka tartibda kirish foydaliroqmi yoki mintaqaviy?
— Har qanday aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish muayyan darajada mintaqaviy omillar bilan bogʻliq boʻladi. Investorlar kompaniyalarni baholashda makroiqtisodiy sharoitlar, talab dinamikasi va mamlakat xatarlariga alohida eʼtibor qaratadi. Jumladan, sanksiyalar yoki savdo cheklovlari biznes faoliyatiga qanday taʼsir koʻrsatishi mumkinligi ham hisobga olinadi. Bu jihatlar nafaqat Markaziy Osiyo, balki Yevropa Ittifoqi uchun ham dolzarbdir. Yakuniy baho esa kompaniyaning ushbu xatarlarni qanchalik samarali boshqara olishiga bogʻliq.
Shu bilan birga, ayrim kompaniyalar ijobiy oʻzgarishlardan ham foyda koʻradi. Islohotlar, cheklovlarning bekor qilinishi, iqtisodiy oʻsish yoki ayrim tarmoqlarning rivojlanishi ular uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Masalan, geosiyosiy omillar taʼsirida mudofaa sektori jadal surʼatlarda oʻsmoqda. Shu bilan birga, global talab hisobiga sunʼiy intellekt yoʻnalishi ham barqaror rivojlanishda davom etmoqda.
— 2026-yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston va Markaziy Osiyodan xalqaro bozorlarda yangi emitentlar boʻyicha qanday natijalarni koʻrishni istardingiz?
— Aniq kompaniyalar yoki ularning rivojlanish yoʻnalishlari boʻyicha izoh berish qiyin, biroq Markaziy Osiyo mintaqasida ijobiy impuls shakllanayotganini taʼkidlash mumkin. Hozircha eng yirik bozor sifatida Qozogʻiston fond birjasi va Astana xalqaro moliya markazi ajralib turadi. Ushbu institutlar infratuzilmani izchil rivojlantirmoqda, Samruk-Kazyna jamgʻarmasi esa portfel kompaniyalarini xalqaro bozorlarga tayyorlashda faol ishtirok etmoqda.
Oʻzbekiston ichki kapital bozori ham muhim bosqichga kirib bormoqda. Qonunchilik bazasining yangilanayotgani fonida 2026-yilga kelib bozor yangi kompaniyalar va investorlarni jalb qilish hisobiga tezlashgan oʻsish uchun qulay sharoitga ega boʻladi.