Qurilish sohasida ruxsat berish jarayonlari tubdan soddalashtiriladi

eʼlon qilindi
Litsenziyalash tizimini soddalashtirish bo‘yicha ham yangi tartib joriy etiladi
Qurilish sohasida ruxsat berish jarayonlari tubdan soddalashtiriladi / Foto: President.uz

Prezident qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida byurokratiyani qisqartirish, nazorat tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi. Unda qurilish obyektlari ustidan nazoratni raqamlashtirish va inson omilini qisqartirish masalalari ko‘rib chiqildi

Qurilish sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar aholi uchun zamonaviy uy-joylar, ijtimoiy obyektlar va qulay infratuzilma yaratishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, yangi qurilishlar xavfsiz, sifatli hamda shaharsozlik va ekologik talablariga mos bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.

Taqdimotda qayd etilishicha, qurilishni boshlash uchun hozirda 8 ta hujjat talab etiladi va ruxsat olish jarayoni 3 oydan 12 oygacha cho‘zilishi mumkin. Shu sababli 2 ta hujjatni bekor qilish, yana 2 tasini esa raqamli integratsiya orqali avtomatik shakllantirish taklif etildi. Natijada ruxsat olish jarayoni va ko‘rib chiqish muddati 7 barobargacha qisqarishi, ortiqcha byurokratik yuk kamayishi kutilmoqda.

Shuningdek, loyihalashga ruxsatnoma va arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i yagona hujjatga birlashtiriladi. «ShaffofAI» tizimi orqali ushbu jarayonlar to‘liq avtomatlashtiriladi va 30 ish kunigacha davom etadigan jarayon sezilarli darajada qisqaradi.

Litsenziyalash tizimini soddalashtirish bo‘yicha ham yangi tartib joriy etilishi rejalashtirilgan. Hozirda 3 tadan 30 tagacha hujjat talab qilinadigan jarayonlarda bu talablar bekor qilinib, ma’lumotlar elektron bazalar orqali avtomatik tekshiriladi. Natijada litsenziya berish muddati 14 ish kunidan 5 daqiqagacha qisqarishi, qaror qabul qilish jarayoni esa 97 foizga tezlashishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent «Brodveyi» — Sayilgoh ko‘chasi va unga tutash hududlarni kompleks yangilanishi haqida yozgan edik.

Shuningdek