Endi yangi manzilga kelgan fuqaro 10 ish kuni ichida ro‘yxatdan o‘tishi shart

Fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan chiqarish tartibi tasdiqlandi. Unda yangi manzilga kelgan fuqarolarning 10 ish kuni ichida ro‘yxatdan o‘tishi belgilandi.
Tasdiqlangan nizomga ko‘ra, ushbu yo‘nalishda ichki ishlar organlarining migratsiya va personalizatsiya bo‘linmalari vakolatli organ hisoblanadi. Fuqaroni yashash yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish mulkdor va fuqaroning ishtirokida amalga oshiriladi hamda ularning roziligi «Face-ID» yoki «Mobile-ID» tizimlari orqali tasdiqlanadi.
Nizomga muvofiq, bir nechta uy yoki kvartiraga ega bo‘lgan mulkdor faqat bittasiga yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin. 18 yoshga to‘lmagan fuqarolar esa ota-onasi yoki ularning biri yoxud vasiy (homiy) ro‘yxatdan o‘tgan manzilda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi.
Shuningdek, fuqaro yangi yashash joyiga kelgan kundan e’tiboran 10 ish kuni ichida ro‘yxatdan o‘tishi shart. Turarjoy mulkdori ham fuqaroning yashash yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi uchun vakolatli organga xabar berishi lozim. Ro‘yxatdan o‘tish uchun fuqarolar davlat xizmatlari markazlari, «aqlli» migratsiya shoxobchalari yoki elektron platformalar – YAIDXP hamda «E-xabar berish» tizimi orqali murojaat qilishi mumkin.
Bundan tashqari, ayrim hududlarda fuqarolarning erkin harakatlanish, yashash va turarjoyni tanlash huquqi cheklanishi mumkin. Jumladan, chegara zonalari, yopiq harbiy shaharchalar, yopiq ma’muriy-hududiy tuzilmalar hamda favqulodda holat yoki safarbarlik e’lon qilingan hududlarda bunday tartib amal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda arxiv xizmatlarini ko‘rsatish tartibi soddalashtirilib, ayrim ortiqcha hujjatlar talabi bekor qilingani haqida yozgan edik.