Go‘sht, sut, shakar: aprel oyida nimalar qimmatlashdi

eʼlon qilindi
Ma’lumotlarga ko‘ra, oylik inflyatsiya 0,6 foizni, yillik nisbatda esa 7 foizni tashkil etdi
Foto: Kursiv Uzbekistan

Milliy statistika qo‘mitasi aprel oyidagi inflyatsiya ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, oylik inflyatsiya 0,6 foizni, yillik nisbatda esa 7 foizni tashkil etdi.

Aprel oyida oziq-ovqat mahsulotlari 0,9 foizga qimmatlashdi. Ayrim asosiy mahsulotlar narxida o‘sish qayd etildi. Xususan:

  • Sut — o‘rtacha 0,4%;
  • O‘simlik yog‘i — o‘rtacha 0,8%;
  • Shakar — 2,2%;
  • Suyaksiz mol go‘shti — 3,2%;
  • Suyakli mol go‘shti — 3,2%;
  • Qo‘y go‘shti — 3,7%;
  • Go‘sht qiymasi — 2,9%;
  • Tirik va sovutilgan baliq — 2,0%;
  • Bulg‘or qalampiri — 10,3%;
  • Kartoshka — 6,5%;
  • Sabzi — 3,2%.

Arzonlashgan mahsulotlar:

  • Guruch — 1,1%;
  • Tuxum — 3,6%;
  • Parranda go‘shti — 1,2%–1,3%;
  • Bodring — 26,1%;
  • Ko‘katlar — 3,3%;
  • Piyoz — 2,7%;
  • Pomidor — 2,4%;
  • Karam — 2,4%.

Mevalar narxi:

  • Olma — +4,5%;
  • Banan — -1,3%.

Kommunal va tibbiy xizmatlar narxlari yana oshdi

Kommunal xizmatlar sohasida faqat maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari uchun tariflar oshishi qayd etildi — 2,4%.

Shuningdek, turar joylarni ta’mirlash materiallari narxi oy davomida 0,7 foizga oshdi. Uy-joylarni ta’mirlash va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar xizmatlari esa 0,3 foizga qimmatlashgan. Uy-joy ijara narxlari bir oyda 0,6 foizga oshgan. Toshko‘mir narxi esa aksincha, 0,7 foizga arzonlashgan.

Sog‘liqni saqlash sohasida ham ayrim xizmatlar qimmatlashdi. Diagnostika va tibbiy laboratoriya xizmatlari narxi 0,6 foizga, ko‘z uchun yordamchi mahsulotlar 0,6 foizga oshgan.

Bundan tashqari, stomatologik xizmatlar narxi bir oyda o‘rtacha 0,3 foizga ko‘tarilgan.

Transport va yonilg‘i narxlari

Aprel oyida benzin narxlari biroz oshdi. Xususan, AI-92 markali benzin 1,6 foizga, AI-95 — 0,9 foizga, AI-98 va AI-100 esa 0,2 foizga qimmatlashdi.

Propan narxi esa aksincha arzonlashib, bir oyda 2,8 foizga tushdi. Natijada 1 litr propanning eng yuqori narxi 7 ming so‘mni tashkil etdi. Metan narxi esa 0,7 foizga tushdi.

Shuningdek, avtoturargoh xizmatlari narxi bir oyda 0,8 foizga qimmatlashgan.

Transport xizmatlari orasida xalqaro aviaqatnovlar narxi 2,6 foizga, ichki aviaqatnovlar 2,3 foizga oshdi. Shahar avtobuslarida yo‘l haqi 1,6 foizga, uzoq masofaga qatnovchi poyezdlar chiptasi esa 1,4 foizga qimmatlashgan.

Bundan tashqari, tayyor ovqat yetkazib berish xizmatlari narxi ham bir oyda 0,8 foizga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston vazirligi O‘zbekistonga $3 dan go‘sht sotilganini shubha ostiga olgandi. Qozog‘iston Savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari Janel Kushukova O‘zbekistonga go‘shtning 1 kgni $3 evaziga eksport qilingani haqidagi statistikani shubhali deb atab, buni texnik xato bilan izohlash mumkinligini ta’kidladi.

Shuningdek