O‘zbekistonda kartaga naqd pul kiritish komissiyasi bekor qilinishi mumkin

O‘zbekistonda bank kartalariga naqd pul kiritishda olinadigan komissiyalarni bekor qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda brifingda Biznes-ombudsman axborot xizmati rahbari Guljamol Shukurova ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 1-apreldan ayrim tovar va xizmatlar uchun majburiy naqdsiz to‘lov tizimi joriy etilgach, aholining bank xizmatlari bilan bog‘liq murojaatlari ko‘paygan. Ayniqsa, kartalarni naqd pul bilan to‘ldirishda undirilayotgan komissiyalar fuqarolar e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan kartaga naqd pul kiritish hamda shaxsiy bank kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalaridan komissiya undirmaslik taklifi ilgari surildi va ma’qullandi.
Mutasaddilar naqdsiz hisob-kitoblar ulushi oshib borayotgani sababli bank infratuzilmasini ham takomillashtirish zarurligini qayd etdi. Xususan, qulay to‘lov usullarini kengaytirish, keshbek tizimini rivojlantirish hamda cash-in va cash-out bankomatlari sonini ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bank kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalar komissiyasiz amalga oshirilishi taklif etilgani haqida yozgandi.