Google Fitbit Air aqlli fitnes-bilaguzugini taqdim etdi

eʼlon qilindi
Yangi qurilma ekransiz dizaynga ega bo‘lib, bir haftalik batareya quvvatini taklif etadi
Foto: Google Blog

Google kompaniyasi o‘zining yangi ekransiz fitnes-bilaguzugi Fitbit Air’ni rasman taqdim etdi. Bu haqda Google rasmiy sayti ma’lum qildi.

Yangi bilaguzuk Whoop kabi ekransiz qurilmalarning analogi hisoblanadi. Unda qadamlar, yurak urishi, uyqu sifati, qondagi kislorod miqdori hamda teri haroratini kuzatuvchi standart datchiklar majmuasi mavjud. Fitbit Air bir marta quvvatlanganda qariyb bir hafta uzluksiz ishlashi mumkin.

Stivin Karri / Foto: Google Blog

Ekran o‘rniga bilaguzukda quvvat darajasini ko‘rsatuvchi svetodiodli indikator va bildirishnomalar uchun tebranish dvigateli o‘rnatilgan. Qurilma oldindan buyurtma qilish uchun $99 narxda mavjud. Xaridorlarga Google uch oylik Health Premium obunasini sovg‘a sifatida taqdim etadi. Almashtiriladigan tasmalar esa $35 dan sotuvga chiqariladi.

Shu bilan birga, kompaniya yangilangan Health ilovasini ham namoyish etdi. Mazkur dastur Fitbit va Android uchun Health Connect funksiyalarini o‘zida birlashtiradi. Ilova moslashtiriladigan quyi panel, salomatlik ko‘rsatkichlari tendensiyalarini kuzatish imkoniyati hamda Peloto» va MyFitnessPal kabi ko‘plab uchinchi tomon dasturlari bilan integratsiyani qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuningdek, Google sun’iy intellektga asoslangan shaxsiy murabbiy Health Coach servisini ham ishga tushirdi. Foydalanuvchilar o‘z jarohatlari yoki organizmning o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumot berib, unga mos ravishda tavsiyalar va mashg‘ulot rejalarini olishlari mumkin.

Foto: Google Blog

Bundan tashqari, servis tabiiy tilda berilgan savollarga javob beradi va yig‘ilgan ma’lumotlar asosida salomatlik bo‘yicha xulosalarni taqdim etadi. Coach xizmati oyiga $10 yoki yillik to‘lov bilan $100 ga taklif etilayotgan Health Premium obunasi tarkibiga kiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google Translate yangi talaffuz mashqi funksiyasini ishga tushirgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek