«Qabristonlarni obod qilish dolzarb oyligi» tashabbusi ilgari surildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi aholini qabristonlarni obod qilish va ziyorat odoblariga rioya etishga chaqirdi.
Murojaatda ajdodlar xotirasini e’zozlash, qabristonlarni toza va tartibli saqlash xalqimizning ezgu qadriyatlaridan biri ekani ta’kidlangan. Qayd etilishicha, qabristonlar nafaqat dafn joyi, balki insonni hayot va oxirat haqida o‘ylashga undaydigan maskan hisoblanadi.
Shuningdek, ayrim hududlarda qabristonlar qarovsiz qolayotgani, yo‘laklar va hududlar ta’mirtalab holga kelgani qayd etildi. Shu sababli «Qabristonlarni obod qilish dolzarb oyligi» tashabbusi ilgari surildi.
Ulamolar kengashi masjidlar, mahallalar va nuroniylarni qabristonlarni tozalash, obodonlashtirish va ziyorat madaniyatini oshirish ishlarida faol bo‘lishga chaqirdi.
Murojaatda ziyoratchilar qabristonda odob saqlashi, qabrlarga oyoq bosmasligi, marhumlar haqqiga duo va Qur’on tilovat qilishi lozimligi ham eslatib o‘tildi.
Shuningdek, qabristonlarda yo‘laklar yaratish, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 20 kun ichida respublika 335 ming tonna chiqindidan tozalangani xabar qilingandi. Jarayonlarda 134,5 ming nafar xodim va 39,3 mingta maxsus texnika ishtirok etdi. Natijada hududlardan jami 334,9 ming tonna qattiq maishiy chiqindi olib chiqildi.