Amir Temur xiyobonida aqlli svetofor va xavfsizlik tizimi joriy etiladi

Amir Temur xiyoboni atrofida aqlli svetoforlar o‘rnatilib, yo‘llarning o‘tkazuvchanligi soatiga 6 mingtagacha avtomobilga yetkaziladi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Loyiha «Shahar piyodalar uchun» tamoyili asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda avtomobillar oqimi, jamoat transporti, piyodalar yo‘nalishlari hamda hududning kelajakdagi rivojlanishi kompleks tarzda hisobga olingan.
Loyiha doirasida «Sayilgoh» (Brodvey)dan Amir Temur xiyoboniga olib boruvchi o‘tish qismidagi metall to‘siqlar olib tashlanadi. Ularning o‘rniga piyodalar uchun to‘siqsiz muhit yaratilib, aqlli svetofor tizimi o‘rnatiladi.



Bundan tashqari, Maxtumquli ko‘chasi — Forumlar saroyi hududi, Amir Temur ko‘chasi hamda Temuriylar tarixi davlat muzeyi tomonidagi kirish qismlarida piyodalar uchun maxsus xavfsizlik orolchalari barpo etiladi. Ushbu hududlarda tartibga soluvchi svetoforlar ham o‘rnatilishi rejalashtirilgan.


Turistik infratuzilmani rivojlantirish maqsadida Temuriylar tarixi davlat muzeyi va O‘zbekiston mehmonxonasi yaqinida sayyohlik avtobuslari uchun alohida to‘xtash joylari tashkil qilinadi.

Loyihaning yana bir muhim jihati — aylanma yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshirilishidir. Harakat sxemasi optimallashtirilishi natijasida hududdan bir soatda o‘tuvchi avtomobillar soni 5,6 mingtadan 6 mingtagacha yetkazilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, yo‘llardagi nizoli nuqtalar soni ham kamaytiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent «Brodveyi» yangilanishi haqida yozgandi.