Prezident urush va mehnat faxriylarini ziyorat qildi

Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini ziyorat qilib, ularni bayram bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Qurolli Kuchlar Bosh harbiy klinik gospitalida Akmal Akramov, Vera Juravskaya, Hasanboy Xalmatov va Vladimir Alekseykov bilan uchrashdi. Ularning salomatligi hamda holidan xabar oldi.



Prezident faxriylarning urush yillaridagi jasorati va fidokorligini alohida ta’kidladi.
«Sizlar tarixning jonli guvohi, matonat timsolisizlar. Sizdek tabarruk insonlar bilan uchrashish, oʻgitlaringizni tinglash bizga katta maʼnaviy kuch bagʻishlaydi. Xalqimiz sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi. Bugungi tinch va ozod kunlar, avlodlarning baxtiyor istiqboli sizlarning mislsiz fidokorligingiz mahsulidir. Sizlarning ibratli hayot yoʻlingiz yoshlarimiz uchun haqiqiy matonat maktabidir», – dedi prezident.

Qayd etilishicha, prezidentning 16-apreldagi qaroriga muvofiq, urush va mehnat faxriylariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda. Ularga sanatoriylarga imtiyozli yo‘llanmalar ham ajratilgan.
Uchrashuv davomida faxriylar yurtimizda keksalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va tarixiy xotirani asrash borasidagi ishlarga minnatdorlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Toshkentdagi G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan marosimda ishtirok etgandi.