Jarima ballari 12 tadan oshgan 49 nafar haydovchi sudga chiqarildi

eʼlon qilindi
Hozirda yana 132 nafar haydovchining jarima ballari 8 tadan oshgan
Foto: Autostrada

O‘zbekistonda jarima ballari tizimi doirasida 12 balldan ortiq qoida buzgan 49 nafar haydovchiga oid materiallar sud organlariga yuborildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshov Kursiv’ga ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, hozirda yana 132 nafar haydovchining jarima ballari 8 tadan oshgan.

Hududlar kesimida eng ko‘p holat Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, poytaxtda 29 nafar haydovchi 12 balldan yuqori ko‘rsatkich to‘plagan. Shuningdek, Farg‘ona viloyatida 8 nafar, Buxoro viloyatida 3 nafar, Toshkent viloyati va Andijonda 2 nafardan holat aniqlangan. Samarqand, Namangan, Surxondaryo, Xorazm hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa bittadan holat qayd etilgan.

YHXX vakillariga ko‘ra, to‘plangan hujjatlar asosida haydovchilarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda sud qarori qabul qilinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-apreldan boshlab kameralar va radarlar orqali qoidabuzarliklar uchun jarima ballarini hisoblash tizimi ishlayotgani haqida yozgandi. Yangi tizim doirasida shu vaqtga qadar 22 ming 638 nafar haydovchi 5 jarima balini to‘plagan.

Shuningdek, qanday qoidabuzarliklar uchun jarima ballari qo‘llanmasligi haqida ham xabar berilgandi.

Shuningdek