Mirziyoyevning Moskvaga tashrifi, jarimalari 12 balldan oshgan haydovchilar, 5 yilga qamalgan «Real Sanjik» — 8-mayning muhim yangiliklari

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan 8-may kuni respublikada yuz bergan muhim yangiliklarni bir joyga jamladi
Foto: Diyor Parpiyev / Kursiv Uzbekistan

Kursiv Uzbekistan 8-may kuni respublikada yuz bergan muhim yangiliklarni bir joyga jamladi.

Chet tilini bilish malaka imtihoni natijalari qachon e’lon qilinadi

O‘zbekistonda joriy yilning 11-aprelidan 4-mayigacha o‘tkazilgan chet tilini bilish darajasini aniqlash malaka imtihoni natijalari 12-may kuni e’lon qilinishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Ta’lim nazorati Telegram kanali xabar berdi.

Prezidentning 2025-yil 24-dekabrdagi PF-257-son Farmoniga muvofiq, 9-may – Xotira va qadrlash kuni shanba kuniga to‘g‘ri kelgani sababli 11-may dushanba kuni qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilangan. Shu sababli imtihon natijalarini e’lon qilish 12-mayga ko‘chirilgan.

11-may kuni maktablarda dars bo‘ladi, bog‘chalar esa ishlamaydi

O‘zbekistonda 9-may — Xotira va qadrlash kuni dam olish kuniga to‘g‘ri kelgani sababli, besh kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun dam olish kuni 11-may – dushanbaga ko‘chirildi.

Shu munosabat bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 11-may kuni umumta’lim maktablarida dars mashg‘ulotlari o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bunda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun ushbu tartib amal qilmaydi.

«Qabristonlarni obod qilish dolzarb oyligi» tashabbusi ilgari surildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi aholini qabristonlarni obod qilish va ziyorat odoblariga rioya etishga chaqirdi.

Murojaatda ajdodlar xotirasini e’zozlash, qabristonlarni toza va tartibli saqlash xalqimizning ezgu qadriyatlaridan biri ekani ta’kidlangan. Qayd etilishicha, qabristonlar nafaqat dafn joyi, balki insonni hayot va oxirat haqida o‘ylashga undaydigan maskan hisoblanadi.

Amir Temur xiyobonida aqlli svetofor va xavfsizlik tizimi joriy etiladi

Amir Temur xiyoboni atrofida aqlli svetoforlar o‘rnatilib, yo‘llarning o‘tkazuvchanligi soatiga 6 mingtagacha avtomobilga yetkaziladi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Loyiha «Shahar piyodalar uchun» tamoyili asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda avtomobillar oqimi, jamoat transporti, piyodalar yo‘nalishlari hamda hududning kelajakdagi rivojlanishi kompleks tarzda hisobga olingan.

O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari 71 mlrd dollarga yaqinlashdi

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 2026-yil 1-may holatiga $70,9 mlrdni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 1-aprelga nisbatan $1,9 mlrdga oshganini ko‘rsatadi.

«Oʻzbekiston Respublikasining yalpi xalqaro zaxiralari hajmi 2026-yil aprel oyida $1,9 mlrdga oshdi. Xususan, oy davomida oltin narxining $4,5 mingdan $4,6 minggacha oshishining ta’siri $1,0 mlrd oshishni tashkil etdi», – deyiladi regulyator izohida.

O‘sish xorijiy valyutadagi aktivlar hisobiga ham yuz berdi. Ularning hajmi aprel oyidagi $7,6 mlrddan $8,7 mlrdga oshdi. Naqd valyuta va depozitlar hajmi ham o‘sib, $6 mlrddan $7,2 mlrdga yetdi.

Prezident urush va mehnat faxriylarini ziyorat qildi

Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini ziyorat qilib, ularni bayram bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari Qurolli Kuchlar Bosh harbiy klinik gospitalida Akmal Akramov, Vera Juravskaya, Hasanboy Xalmatov va Vladimir Alekseykov bilan uchrashdi. Ularning salomatligi hamda holidan xabar oldi.

Jarima ballari 12 tadan oshgan 49 nafar haydovchi sudga chiqarildi

O‘zbekistonda jarima ballari tizimi doirasida 12 balldan ortiq qoida buzgan 49 nafar haydovchiga oid materiallar sud organlariga yuborildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshov Kursiv’ga ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, hozirda yana 132 nafar haydovchining jarima ballari 8 tadan oshgan.

Dam olish kunlari havo keskin salqinlashadi

O‘zbekistonda dam olish kunlari ob-havo o‘zgarib, ayrim hududlarda yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatiladi. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.

9-may kuni hududlarning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Biroq Buxoro, Navoiy, Samarqand va Jizzax viloyatlarida kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati 28-33 darajagacha pasayadi.

Ozarbayjonning ABB banki O‘zbekistondagi Davr Bank’ni sotib olishi mumkin

Ozarbayjonning yirik banklaridan biri ABB O‘zbekistondagi Davr Bank’ni sotib olishni rejalashtirmoqda. Yangi bank «ABB Davr Bank» brendi ostida faoliyat yuritadi, deya xabar qilmoqda Trend nashri.

Xalqaro Ozarbayjon banki (IBA) boshqaruvi raisi Abbas Ibrohimovning ma’lum qilishicha, ABB joriy yilning ikkinchi yarmida O‘zbekistonning xususiy banklaridan biri – Davr Bank’ni sotib olish va mamlakat bozorida faoliyat boshlashni rejalashtirmoqda.

Prezident g‘alaba tadbirlarida ishtirok etish uchun Moskvaga jo‘nab ketdi

Shavkat Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 81 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etish maqsadida Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrif bilan yo‘l oldi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Mirziyoyev 8-may kuni amaliy tashrif bilan Moskva shahriga jo‘nab ketdi. Tashrif dasturiga muvofiq, davlat rahbari Rossiyada o‘tkazilayotgan Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 81 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda qatnashadi.

«Real Sanjik» 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani sudi «Real Sanjik» nomi bilan tanilgan Sanjar Karimovga 5 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi va BHMning 410 baravar miqdorida (salkam 169 mln so‘m) jarima tayinladi. Bu haqda sud jarayonida ishtirok etgan Kursiv Uzbekistan muxbiri ma’lum qildi.

Karimovga Jinoyat kodeksining 112-modda 1-qismi (o‘ldirish yoki zo‘ravonlik bilan tahdid qilish), 168-modda 4-qismi (firibgarlik) hamda 273-modda 2-qismi (giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq noqonuniy harakatlar va ularni sotish maqsadida tayyorlash va saqlash) kabi bir nechta moddalari bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.

Shuningdek