Putin Mirziyoyevning Moskvaga tashrifini alohida signal deb atadi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Moskvaga tashrifi doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlik, savdo aloqalari va qoʻshma loyihalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida davlat rahbarlari Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 81 yilligi munosabati bilan bir-birini tabrikladi. Tomonlar bu sana xalqlar oʻrtasidagi tarixiy xotira va yaqin aloqalarda muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.
Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Muzokaralarda oʻzaro savdo hajmi oshib borayotgani qayd etildi. Sanoat, energetika, metallurgiya va boshqa sohalardagi qoʻshma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani bildirildi.
Tomonlar tovar ayirboshlash surʼatini saqlab qolish, ustuvor tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish va hududlar darajasidagi aloqalarni davom ettirish muhimligini taʼkidladi.
Putin Mirziyoyevning Moskvadagi tadbirlarda ishtirok etishini alohida ahamiyatga ega qadam sifatida baholadi.
«Oʻzbekiston prezidenti tashqi signallar va tahdidlarga qaramay, baribir shu yerda ekani, ertaga Qizil maydondagi harbiy paradda biz bilan birga ishtirok etishi alohida signaldir», — dedi Vladimir Putin.
Mirziyoyev javobida gʻalaba ikki xalq uchun umumiy tarixning muhim qismi ekanini aytdi. U bu xotirani yosh avlodga yetkazish zarurligini qayd etdi.
«Bu gʻalaba bizning umumiy tariximiz, umumiy gʻalabamizdir. Biz buni hech qachon unutmasligimiz kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mirziyoyev Oʻzbekistonda 9-may bilan bogʻliq tadbirlar yuqori saviyada oʻtayotganini ham aytdi. U gospitalga tashrifi chogʻida faxriylar Putin nomiga salom yoʻllaganini aytdi.
«Moskvaga ketyapman desam, ular ‘Vladimir Vladimirovichga bizdan salom yetkazib qoʻya olasizmi’ deb soʻrashdi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident gʻalaba tadbirlarida ishtirok etish uchun Moskvaga joʻnab ketgani haqida xabar bergan edi.