Eldor Shomurodov Turkiyada mavsum ramziy jamoasidan joy oldi

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov EA Sports talqiniga koʻra, Turkiya Superligasining mavsum ramziy jamoasidan joy oldi.
«Bashakshehir» klubi hujumchisiga FC26 oʻyinida 93 reytingli maxsus karta berildi. EA Sports mavsum davomida yuqori natija koʻrsatgan futbolchilarni maxsus kartalar orqali eʼtirof etadi. Shomurodovning virtual kartasida uning tezligi, zarba aniqligi, paslari, driblingi, himoyadagi harakatlari va jismoniy koʻrsatkichlari baholangan.

Shomurodov 2025-yil yozida «Bashakshehir» safiga qoʻshilgan edi. U qisqa vaqt ichida Istanbul klubining asosiy hujumchilaridan biriga aylandi. Joriy mavsumda oʻzbekistonlik futbolchi Turkiya Superligasida 32 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Uning hisobida 20 ta gol va 4 ta golli uzatma bor. Bu natija Shomurodovga toʻpurarlar poygasida ikkinchi oʻrinni egallash imkonini bermoqda. Hozircha «Trabzonspor» hujumchisi Pol Onuachu 22 ta gol bilan peshqadamlik qilmoqda. Mavsum yakunlanishiga ikki tur qolgan.
«Bashakshehir» safida yana bir oʻzbekistonlik futbolchi Abbosbek Fayzullayev ham toʻp surmoqda. Transfermarkt portali Shomurodov va Fayzullayevning bozor qiymatini 7 mln yevrodan baholagan.
Maʼlumot uchun, «Bashakshehir» Turkiya Superligasida 32 turdan soʻng 51 ochko jamgʻargan. Jamoa turnir jadvalida 4-oʻrinda bormoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eldor Shomurodov Turkiya Superligasining tur ramziy jamoasidan joy olgani haqida xabar bergan edi.