2026-yil oxirigacha 1800 ta yangi avtobus xarid qilinadi — transport vaziri

eʼlon qilindi
Vazirlik 10 kun ichida hukumat qarori loyihasini ishlab chiqishi kerak
Foto: Transport vazirligi

Oʻzbekistonda 2026-yil oxirigacha jamoat transporti uchun 1800 ta yangi avtobus xarid qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Transport vaziri Ilhom Mahkamov «Oʻzbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Vazirning ta’kidlashicha, bugun aholining qariyb 20 foizi har kuni Toshkent, viloyat markazlari va yirik shaharlarga shaxsiy avtomobil, marshrutka yoki Damasʼda qatnaydi. Kechqurun esa ular oʻz yashash joylariga qaytadi. Vazirlik ushbu muammoni hal qilish uchun shaharlar va ularning 12 km radiusdagi tutash hududlarini yagona transport tizimiga kiritishni taklif qilmoqda. Bu yoʻnalishlarda brutto-shartnoma tizimi joriy etilishi mumkin.

Mahkamovga koʻra, bunday yondashuv tashuvchilar uchun barqaror ishlash imkonini beradi. Yoʻlovchilar esa xavfsiz va muntazam jamoat transportidan foydalanishi mumkin boʻladi.

Prezident Transport vazirligiga tumanlararo va chekka hududlarda ham tejamkor jamoat transporti tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar tayyorlashni topshirdi. Vazirlik 10 kun ichida hukumat qarori loyihasini ishlab chiqishi kerak.

Uning ta’kidlashicha, prezident 2026-yil oxirigacha 1800 ta avtobus xarid qilish uchun tadbirkorlarga bank kreditlari boʻyicha resurs ajratish va qisqa muddatli imtiyozlar berish topshirigʻini bergan.

«Bu jamoat transporti yoʻnalishidagi islohotlarning yakuniy natijasiga erishishga imkoniyat yaratadi», – dedi Ilhom Mahkamov.

Shuningdek, barcha yoʻllarda jamoat transportiga ustuvorlik berish vazifasi qoʻyildi. Viloyat markazlari, yirik shaharlar va Toshkent boʻyicha alohida transport master-rejalari ishlab chiqilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent va Nurafshon oʻrtasida BRT yoʻlagi qurilishi haqida xabar bergan edi. Loyihaga koʻra, «Qoʻyliq» bozoridan Nurafshon markazigacha 23 km uzunlikdagi tezkor avtobus yoʻlagi tashkil etiladi. Yoʻl qatnov vaqtini 30 daqiqagacha qisqartirishi kutilmoqda.

Shuningdek