10-may kuni O‘zbekistonda yomg‘ir va shamol kuzatiladi

10-may kuni O‘zbekistonning aksariyat hududlarida yomg‘irli ob-havo saqlanib qoladi. Ayrim joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi, momaqaldiroq kuzatilishi kutilmoqda, deya xabar berdi «O‘zgidromet».
Unga ko‘ra, shamol tezligi 7–12 m/s ni tashkil etadi. Ba’zi hududlarda shamol 15–20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda esa 23–25 m/s gacha yetib, chang-to‘zonlar yuzaga kelishi mumkin. Havo harorati kunduzi 18–23 daraja atrofida bo‘ladi.
Toshkent shahrida ham kun davomida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Momaqaldiroq ehtimoli saqlanib qolmoqda. Poytaxtda harorat 20–22 daraja bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik kuchliroq bo‘lishi mumkin. Mutaxassislar sel va suv toshqini xavfi haqida ogohlantirmoqda. Bu hududlarda havo harorati 10–15 daraja bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan dam olish kunlari havo keskin salqinlashishi haqida yozgandi.