«Tayson» laqabli MMA jangchisi «prava»siz avtomobil boshqargani aniqlandi

Qashqadaryo viloyatida Yo‘l patrul xizmati xodimining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmay harakatlangan Kia Sonet haydovchisi to‘xtatib qolindi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Dastlab haydovchi YPX xodimining ishorasiga amal qilmagan va harakatini davom ettirgan. Oradan ko‘p o‘tmay avtomobil to‘xtatilib, hujjatlar tekshirilgan. Tekshiruv vaqtida mashinani sport olamida «Tayson» taxallusi bilan tanilgan MMA jangchisi boshqarayotgani ma’lum bo‘lgan.
Aniqlanishicha, sportchida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan. Shu sababli unga nisbatan ma’muriy tartibda bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomobil vaqtincha jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
MMA jangchisi holat yuzasidan munosabat bildirib, yaqin kunlarda haydovchilik guvohnomasini olishni rejalashtirgani, biroq mashg‘ulot va musobaqalar sabab bunga vaqt topa olmaganini aytdi.
«Qonun hamma uchun bir xil. Qilgan ishimdan afsusdaman. Barchani yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishga chaqiraman», — dedi sportchi.
Avvalroq «Kursiv» nashri endi O‘zbekistonda kameralar haydovchilik guvohnomasi yo‘qlarni ham aniqlashi haqida yozgandi.