Dua Lipa Samsung kompaniyasini sudga berdi

Xonanda Dua Lipa o‘z suratidan Samsung kompaniyasi ruxsatsiz televizor qutilarida foydalangani uchun sudga murojaat qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Dua Lipa $15 mlnlik da’vo arizasi kiritgan. Uning ta’kidlashicha, Samsung kompaniyasi o‘z mahsulotlarini targ‘ib qilish va sotish maqsadida uning muvaffaqiyatidan noqonuniy foydalangan. Xonanda o‘z suratining mualliflik huquqi, savdo belgisi huquqi buzilganligi va uning qiyofasini noqonuniy o‘zlashtirgani uchun tovon puli talab qilmoqda.

Da’vo arizasiga ko‘ra, bahsli surat xonandaning 2024-yilda Austin City Limits Festivalidagi chiqishi vaqtida olingan. Lipa ushbu suratning mualliflik huquqi unga tegishli ekanini bildirgan.
Xonanda o‘z suratining Samsung qutilarida paydo bo‘lganini 2025-yilning iyun oyida bilib qolgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi muxlislar bu televizorni Dua Lipa TV Box deb atay boshlaganlar. Kompaniya xonandaning qonuniy talablarini, ya’ni huquqlarini buzishni to‘xtatish to‘g‘risidagi ogohlantirishlarini e’tiborsiz qoldirganligi aytilmoqda.
Avvalroq Kursiv nashri O‘zbekistonda xonandalar qancha soliq to‘lagani haqida xabar bergan edi.