
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Polshada yakunlangan «Super Rapid & Blitz Poland – 2026» turnirida 16,5 ochko jamg‘ardi. Yettinchi o‘rinni egallagan shaxmatchi $9 ming miqdorida mukofot pulini qo‘lga kiritdi. Bu haqda UzChess ma’lum qildi.

Turnir yakunlariga ko‘ra, Javohir Sindarov jami 36 ta imkoniyatdan 16,5 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Musobaqa g‘olibligi amerikalik Hans Nimanga nasib etdi. U umumiy hisobda 22,5 ochko jamg‘arib, bosh mukofot $50 ming hamda 13 GCT (Grand Chess Tour) ochkosini qo‘lga kiritdi.

Niman rapid yo‘nalishini peshqadam sifatida yakunlagan bo‘lsa-da, blits bahslarida qiyinchiliklarga duch keldi va 16-turda Gukeshga imkoniyatni boy berdi. Shunga qaramay, Amerika vakili so‘nggi ikki turda g‘alaba qozonib, turnir chempionligini o‘zida saqlab qoldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sindarov mukofot jamg‘armasi 200 ming dollar bo‘lgan turnirda ishtirok etishi haqida xabar bergan edi.