Kuvaytning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlandi

Kuvayt davlati O‘zbekistonga o‘zining yangi elchisi sifatida Turki Xolid Hamad al-Mikradni tayinladi. Elchi Toshkentda qabul qilinib, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov xabar berdi.
«O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari kun tartibimiz markazida bo‘ldi», – deyiladi rasmiy xabarda.

Shuningdek, uchrashuv doirasida yangi tayinlangan elchi ishonch yorliqlari nusxalarini topshirgan.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil fevral oyida Kuvaytga amalga oshirgan davlat tashrifi ahamiyati alohida ta’kidlangan. Rasmiylarning qayd etishicha, ushbu tashrif ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqqan.

Tomonlar Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi hamda boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalarini ko‘rib chiqqan. Uchrashuv yakunida elchiga O‘zbekistondagi mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyat tilangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi viza mojarosi sabab hibsga olingani haqida xabar bergan edi.