Buxorolik ayol «Markaziy bank xodimi»ga ishonib bir milliard so‘mdan ayrildi

Buxoro viloyatida yashovchi ayol o‘zini bank tizimi vakili sifatida tanishtirgan noma’lum shaxslarning gapiga ishonib, bir milliard so‘mdan ortiq mablag‘ini firibgarlar hisobiga o‘tkazib yuborgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, hodisa 2025-yil dekabr oyida sodir bo‘lgan. Telegram orqali bog‘langan shaxslar ayolning bank omonatlari xavf ostida ekanini aytib, pullarni xavfsiz kartalarga ko‘chirish kerakligiga ishontirgan.
Natijada jabrlanuvchi turli banklardagi jamg‘armalaridan jami 1 milliard 9 million so‘mni firibgarlar ko‘rsatgan plastik kartalarga o‘tkazgan. Bir necha kun o‘tib aldanib qolganini anglagach, ichki ishlar organlariga murojaat qilgan.
Tergov davomida pullarni naqdlashtirish va jinoiy sxemani boshqarishda gumon qilingan ikki shaxs Toshkent shahrida qo‘lga olindi. Ulardan ko‘plab telefonlar, SIM-kartalar, bank kartalari hamda katta miqdorda naqd pul dalil sifatida olingan.
Aniqlanishicha, firibgarlar mablag‘larni yashirish uchun murakkab sxemadan foydalangan. Pullar turli hududlardagi fuqarolar nomiga ochilgan kartalar orqali aylantirilgan, ayrim summalar esa kriptovalyutaga o‘tkazilgan. Kartalarning ko‘pi egalaridan arzon narxda sotib olingan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar olib borgan tezkor tadbirlar natijasida jabrlanuvchining barcha mablag‘lari to‘liq qaytarilgani ma’lum qilindi. Hozirda jinoyatning boshqa ishtirokchilarini aniqlash ishlari davom etmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri o‘ta yirik firibgarlikda ayblanayotgan shaxs Perudan O‘zbekistonga olib kelingani haqida yozgandi.