Azizbek Urunov Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasiga rais bo‘ldi

Azizbek Allaberganovich Urunov prezident qarori bilan Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisi etib tayinlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi ma’lum qildi.
Qarorga ko‘ra, prezidentning Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha vakili Azizbek Urunov o‘rindoshlik asosida O‘zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi.
Shuningdek, Elyor Xolmatovich Talaboyev qo‘mita raisining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U shu munosabat bilan Prezident Administratsiyasi rahbari kotibiyati bosh inspektori lavozimidan ozod etildi.
Yana bir tayinlovga ko‘ra, Furkat Zakirovich Jalilov Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisining o‘rinbosari etib tayinlandi. U ushbu lavozimga tayinlanishi munosabati bilan Prezident Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti bosh inspektori lavozimidan ozod etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyatida bir qator tayinlovlar amalga oshirilgan edi.