Soliq qo‘mitasi P2P o‘tkazmalar orqali savdoni tekshirmoqda

Soliq organlari ayrim tadbirkorlik subyektlarida savdo tushumlari plastik kartadan plastik kartaga pul o‘tkazish orqali qabul qilinayotgan holatlarni o‘rganishni boshladi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ayrim hollarda P2P o‘tkazmalar orqali tushgan mablag‘lar soliq hisobotlarida ko‘rsatilmayapti. Natijada davlat budjetiga tushishi kerak bo‘lgan soliqlar to‘liq shakllanmay qolmoqda.
Shu sababli yuridik shaxslarda faoliyat yurituvchi rahbar xodimlarning bank kartalariga kelib tushgan mablag‘lar tahlil qilinmoqda. Aniqlangan holatlar bo‘yicha hisobotlarda aks etmagan daromadlar uchun tegishli choralar ko‘rilmoqda va soliq to‘lovchilarga xabarnomalar yuborilmoqda.
Qo‘mita bu jarayon jazolash yoki bosim o‘tkazish uchun emasligini ta’kidladi. Asosiy maqsad yashirin iqtisodiyotni kamaytirish, iqtisodiy adolatni ta’minlash va qonuniy ishlayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Bu kabi amaliyot avval Qozog‘istonda ham boshlangandi. Mamlakatda joriy yilning birinchi choragi boʻyicha maʼlumotlar allaqachon yigʻilgan va hozir tahlil qilinmoqda.
Qozogʻiston Davlat daromadlari qoʻmitasi ma’lumotiga koʻra, aniqlangan tafovutlar asosida fuqarolarga bildirishnomalar yuboriladi. Biroq bu darhol jarima degani emas. Soliq organlari, avvalo, tushuntirish soʻraydi va vaziyatni mustaqil tuzatish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2030-yilga borib soliq tushumlari 491,5 trillion so‘mga yetkazilishi belgilangan. Prezident raqamli tahlil va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanib, «aqlli» nazorat tizimini joriy etish orqali 2026-yilda budjetga qo‘shimcha 30 trillion so‘m tushum ta’minlanishini ko‘rsatib o‘tdi. Bu «P2P»-operatsiyalar monitoringi, tovarlarni markirovkalash, raqamli nazoratni kuchaytirish, yuklarni hujjatsiz tashish faoliyatini aniqlash va norasmiy bandlikni rasmiylashtirish kabi mexanizmlar orqali amalga oshiriladi.