Toshkentda tug‘ilgan Serjio Gor AQShning Markaziy Osiyodagi asosiy figurasiga aylandi — OAV

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Markaziy Osiyoda ta’sirini kuchaytirish va mintaqaning Rossiya hamda Xitoyga qaramligini kamaytirish uchun Toshkentda tug‘ilgan diplomat Serjio Gorga muhim vazifalarni topshirmoqda. Bu haqda Politico nashri ma’lum qildi.
Serjio Gor hozirda bir vaqtning o‘zida AQShning Hindistondagi elchisi hamda Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili lavozimlarida ishlamoqda. Nashrning yozishicha, u mintaqa davlatlari bilan noyob yer metallari, investitsiyalar va savdo bitimlari bo‘yicha muzokaralarda faol qatnashmoqda. 2025-yil noyabrida uning ishtirokida AQSh va Markaziy Osiyoning besh davlati o‘rtasida $25 mlrdlik tijorat kelishuvlari imzolangan.
Tramp ma’muriyati Gorning mintaqani yaxshi bilishi, Markaziy Osiyo tillarida erkin gaplashishi va prezidentga yaqin aloqalariga tayanmoqda. AQSh mintaqadagi yirik noyob metall zaxiralariga kirish imkoniyatini kengaytirishni maqsad qilgan. Ayniqsa, bu resurslar Amerika mudofaa sanoati va fuqarolik ishlab chiqarishi uchun strategik ahamiyatga ega deb baholanmoqda.

Sobiq diplomat Donald Lu Serjio Gorni Tramp ma’muriyatining Markaziy Osiyodagi asosiy ustunlaridan biri deb atadi. Uning ta’kidlashicha, AQSh prezidenti atrofida Toshkentda tug‘ilgan, mintaqa tillarini yaxshi biladigan va geosiyosiy vaziyatni chuqur tushunadigan insonning mavjudligi ilgari kuzatilmagan.
Nashrning qayd etishicha, Gor 2025-yil noyabrida Amerika – O‘zbekiston investitsiya kengashi tashkil etilganini ham e’lon qilgan. Bundan tashqari, u AQSh uchun volfram kabi strategik minerallar bo‘yicha kelishuvlarda muhim rol o‘ynagan. Aprel oyida esa Saida Mirziyoyevani Tramp oilasi va yuqori martabali amaldorlar bilan uchrashuv uchun Mar-a-Lagoga olib borgani aytilmoqda.
39 yoshli Serjio Gor 1986-yil 30-noyabr kuni Toshkentda tug‘ilgan. U uzoq vaqt davomida o‘zini O‘rta yer dengizidagi quyoshli orol – Malta fuqarosi deb ko‘rsatib kelgan. Ammo Malta rasmiylari uning tug‘ilganligi haqida ma’lumotga ega emasliklarini ma’lum qilgan. Gorning onasi Liya Goroxovskaya 1994-yilda Maltaga ko‘chib o‘tgan va u yerda o‘zini Isroil fuqarosi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazib, biznes ochgan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning fevral oyida Serjio Gor ishtirokida Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.