Abilympics 2026 olimpiadasining finalida 182 nafar yosh bellashdi

Toshkent shahrida III an’anaviy «Inson uchun» festivali doirasida Respublika Imkoniyatlar olimpiadasi — Abilympics 2026 bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning barcha hududlaridan final bosqichida 182 nafar nogironligi bo‘lgan yoshlar ishtirok etdi. Bu haqda Xalqaro inklyuziv hab Kursiv Uzbekistan’ga xabar berdi.

Unga ko‘ra, bu yilgi olimpiadaga jami 739 nafar nomzod ro‘yxatdan o‘tdi. Saralash bosqichlari yakuniga ko‘ra, 14 hududdan 182 nafar ishtirokchi final bosqichiga yo‘llanma oldi.



Finalchilar 13 ta kasbiy yo‘nalishda o‘z mahoratini namoyish etdi. Jumladan, axborot texnologiyalari, robototexnika, fotografiya, oshpazlik, floristika, kulolchilik, rassomchilik, sartaroshlik, tikuvchilik, kashtachilik, manikyur, karving va g‘isht terish yo‘nalishlari bo‘yicha bellashuvlar tashkil etildi.
«Bugungi kunda Abilympics nafaqat kasbiy mahorat tanlovi, balki ta’lim, biznes, ish
beruvchilar, ekspertlar va ishtirokchilarni birlashtiruvchi platformaga aylandi. Bu yerda
ishtirokchilar o‘zining yuqori tayyorgarligi, intizomi va kasbiy salohiyatini namoyish
etmoqda», — deyiladi tashkilot xabarida.

Olimpiada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Xalqaro inklyuziv hab, Kasbiy ta’lim agentligi hamda Ziyo Forum fondi hamkorligida tashkil etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rni yaratganlarga subsidiya berilishi haqida yozgandi.