“Kadishev” bozori buzilishi haqida xabarlar tarqaldi — hokimlik izoh berdi

eʼlon qilindi
Bozor odatdagi tartibda ishlashda davom etadi
«Kadishev» bozori buzilishi haqida xabarlar tarqaldi — hokimlik izoh berdi / Foto: Toshkent shahar hokimligi

Poytaxtdagi «Aviasozlar» (xalq orasida «Kadishev») bozori faoliyati va uning atrofidagi hududlarning buzilishi bo‘yicha xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati bu kabi xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.

«Bozor odatdagi tartibda ishlamoqda. Olib borilayotgan ishlar qonuniy asosda faoliyat yuritayotgan savdo rastalari va obyektlariga daxl qilmaydi», — deyiladi izohda.

Ta’kidlanishicha, masala bozor atrofida uzoq yillardan buyon tartibsiz va o‘zboshimchalik bilan yo‘lga qo‘yilgan savdo faoliyatini tartibga solish bilan bog‘liq. Ushbu hududda ayrim shaxslar meva-sabzavot, go‘sht mahsulotlari va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini ruxsat beruvchi hujjatlarsiz hamda sanitariya talablariga zid ravishda sotgan holatlar qayd etilgan.

Shuningdek, tartibsiz savdo piyodalar harakatiga to‘sqinlik qilgani, transport oqimida tirbandliklar yuzaga keltirgani va hududda tartibsiz avtoturargohlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgani aytilmoqda. Bu esa aholi va xaridorlar uchun noqulayliklar hamda xavfsizlikka tahdidlarni yuzaga keltirgan.

Shahar ma’muriyati tomonidan poytaxt savdo infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida tartibga solish ishlari olib borilmoqda. Savdo bilan shug‘ullangan fuqarolarga bozor hududidan tashqarida qonuniy va maxsus ajratilgan muqobil joylar taklif etilmoqda. Shuningdek, hududni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va avtoturargohlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda yangi metro liniyasi barpo etilishi haqida xabar qilgan edik.

Shuningdek