Tramp va Si Szinpin Xitoyda qanday masalalarni muhokama qildi

eʼlon qilindi
Ikki soatdan ortiq davom etgan yuqori darajadagi muzokaralarda

AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Szinpin Pekinda ikki soatdan ortiq davom etgan yuqori darajadagi muzokaralarni o‘tkazdi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.

Uchrashuv dunyoning ikki yirik iqtisodiyoti o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashib borayotgan bir paytda tashkil etildi.

Muzokaralar oldidan Si Szinpin AQSh va Xitoy raqib emas, hamkor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Donald Tramp esa Xitoy yetakchisini buyuk lider deb atab, ikki davlat munosabatlari avvalgidan ham yaxshiroq bo‘lishini aytdi.

Tayvan masalasi yana kun tartibida

Muloqot boshlanganidan ko‘p o‘tmay, Xitoy davlat OAVlari Si Szinpinning Tayvan bo‘yicha bayonotini e’lon qildi. Xitoy rahbari AQSh bilan bu masalada mojarolar yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Tayvan muzokaralardagi eng murakkab mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Pekin orolni o‘z hududi deb hisoblaydi, Vashington esa Tayvanga qurol yetkazib berishda davom etmoqda.

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio tomonlar Tayvan masalasini yangi keskinlik manbaiga aylantirmaslikka harakat qilishini bildirgan.

Savdo va texnologiya bo‘yicha muzokaralar

Tramp Pekinga yirik amerikalik biznes rahbarlari bilan tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida Ilon Mask, Jensen Huang, Tim Cook va boshqa texnologiya gigantlari vakillari bor.

AQSh prezidenti Xitoydan Amerika kompaniyalari uchun bozorni ochishni so‘rashini ma’lum qildi. Trampning fikricha, bu ikki davlat iqtisodiyoti uchun ham foydali bo‘ladi.

So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi keskin kamaygan. 2022-yilda o‘zaro savdo hajmi $690,4 milliardni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich $414,7 milliardgacha tushgan.

AQSh, ayniqsa, savdo balansidagi katta tafovutdan norozi. O‘tgan yili Amerika Xitoydan eksport qilganidan $200 milliarddan ko‘proq mahsulot import qilgan.

Eron urushi ham asosiy mavzulardan biri bo‘ldi

Muzokaralarda Eron atrofidagi vaziyat ham muhokama qilindi. AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari ortidan mintaqadagi keskinlik oshgan.

Xitoy Eronning asosiy savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi va Vashington Pekindan Tehronga bosim o‘tkazishni kutmoqda. Biroq Tramp safar oldidan Eron masalasida Xitoy yordamiga ehtiyoj yo‘qligini aytdi.

Shunga qaramay, ekspertlar Pekin mintaqadagi vaziyatni yumshatishda vositachi rolini kuchaytirishga urinayotganini qayd etmoqda.

Tramp 2017-yildan beri ilk bor Xitoyga bordi

Bu Donald Trampning 2017-yildan beri Xitoyga ilk tashrifi hisoblanadi. Shu vaqt ichida Xitoy iqtisodiy va siyosiy jihatdan ancha kuchaygan, texnologiya, sun’iy intellekt va sanoat rivojiga katta sarmoya yo‘naltirgan.

BBC tahlilchilariga ko‘ra, bu sammit kelgusi yillarda AQSh-Xitoy munosabatlari qanday shakllanishini belgilab berishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp Yevroittifoqqa muhlat bergani haqida yozgandi.

Shuningdek