O‘zbekistonda hafta oxirida qanday havo harorat kuzatiladi

«O‘zgidromet» ma’lumotiga ko‘ra, 15-18-may kunlari O‘zbekistonning aksariyat hududlarida quruq va issiq ob-havo saqlanib turadi. Ayrim viloyatlarda havo harorati 40 darajagacha ko‘tarilishi, ba’zi hududlarda esa kuchli shamol va chang-to‘zon kuzatilishi kutilmoqda.
Ayrim hududlarda harorat 40 darajaga yetadi
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida hafta oxirining eng issiq ob-havosi kuzatiladi. 17-may kuni kunduzi havo harorati 35–40 darajagacha ko‘tariladi. 18-mayda esa harorat biroz pasayib, 32–37 daraja atrofida bo‘ladi.
Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham issiq havo hukm suradi. 17-may kuni kunduzgi harorat 34–39 darajagacha yetishi prognoz qilinmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 16–17-may kunlari havo 32–37 darajagacha isiydi. 18-maydan boshlab harorat nisbatan pasayib, 27–32 daraja bo‘lishi kutilmoqda.
Toshkent shahri va unga yaqin viloyatlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi
Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida 15–18-may kunlari yog‘ingarchilik kuzatilmaydi. Kunduzgi harorat 30–35 daraja atrofida bo‘ladi.
17–18-may kunlari ayrim hududlarda shamol tezligi 15–20 metr/sekundgacha kuchayishi, chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.
Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida hafta davomida quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kunduz kunlari harorat 30–35 daraja atrofida bo‘ladi. Shamol sharqdan 5–10 metr/sekund tezlikda esadi.
Tog‘li hududlarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin
Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi ehtimoli bor.
Bu hududlarda havo harorati kechalari 10–15 daraja, kunduz kunlari esa 22–27 daraja atrofida bo‘ladi. Momaqaldiroq paytida shamol tezligi 15–20 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 14-may kuni havo harorati 35 darajagacha ko‘tarilishi haqida yozgandi.