Toshkentda soxta elektr tarmoqlari xodimi qo‘lga olindi

Poytaxtning Yunusobod tumanida o‘zini elektr tarmoqlari korxonasi xodimi sifatida tanishtirib, fuqarodan pul olgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Tezkor tadbirda aniqlanishicha, fuqaro o‘zini elektr tarmoqlari korxonasi xodimi sifatida tanishtirib, boshqa fuqaroning xonadonida elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib qolganlik holati yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirmaslik va elektr hisoblagichini ta’mirlab berishni va’da qilgan.
U buning evaziga jabrlanuvchidan 9,4 mln so‘m miqdoridagi pul mablag‘ini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda tijorat bank mijozining $500 ming miqdordagi omonat mablag‘larini o‘zlashtirgan xodimlar qo‘lga olingan edi.