O‘zbekistondagi ikkita bankda boshqaruv raislari almashdi

O‘zbekistondagi «Hamkorbank» va «Poytaxt bank»ka yangi boshqaruv raislari tayinlandi. Bu haqda «Poytaxt bank» Korporativ axborot yagona portalida ma’lum qildi.
Polshalik bankir Rafal Yushchak «Hamkorbank» boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi sifatida ish boshlagan. Bu haqda Facebook sahifasida post joyladi.
U bunga qadar Polsha, Ukraina va Belarusdagi yirik moliyaviy tashkilotlar — PKO BP, FUIB Ukraine, Getin Xolding, Alfa Bank Belarus va Alfa Bank Ukraineda rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. Xabarlarga ko‘ra, bankning amaldagi rahbari Baxtiyor Jo‘rayev o‘z xohishiga ko‘ra lavozimini tark etgan. U «Hamkorbank»ni 2021-yildan buyon boshqarib kelayotgandi.
Shuningdek, Feruz Azimov «Poytaxt bank» boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Ma’lum qilinishicha, bank kuzatuv kengashi u bilan uch yil muddatga mehnat shartnomasi tuzadi. Azimov Markaziy bankdan tegishli ruxsat olingach, rasman lavozimiga kirishadi. U bungacha O‘zbekiston Markaziy banki tizimida turli lavozimlarda ishlagan.
«Poytaxt bank»ning avvalgi boshqaruv raisi Dilshod Po‘latov aprel oyida lavozimini tark etgandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan muammoli kreditlar boʻyicha yetakchilik qilayotgan «Poytaxt Bank» rahbari ishdan olingani haqida yozgandi.