Interpol Migratsiya agentligining sobiq xodimiga qidiruv e’lon qildi

Migratsiya agentligining sobiq xodimi Azizbek Toshtemirov xalqaro qidiruvga berildi. Interpol saytida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, u firibgarlikda ayblanmoqda.
Toshtemirov O‘zbekiston tomonidan qidirilmoqda. Unga nisbatan «firibgarlik» moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Ma’lumotda qayd etilishicha, Toshtemirov 1990-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan. U o‘zbek, rus va ingliz tillarini biladi.

Avvalroq u Migratsiya agentligi tizimida faoliyat yuritgan. Hozirda uning qayerdaligi noma’lum ekani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Interpol Gruziya huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda xalqaro qidiruvda bo‘lgan yana bir fuqaroning ekstraditsiyasini ta’minlagandi. Qidiruvdagi shaxs Tbilisi shahridagi Interpol MMB bilan o‘tkazilgan muvofiqlashtirilgan tadbirlar natijasida Gruziya hududida aniqlangan va qo‘lga olingan. Jarayonning barcha bosqichlari axborot hamda tashkiliy-huquqiy jihatdan O‘zbekiston Interpol xizmati tomonidan bevosita nazorat qilindi va muvofiqlashtirildi.