Farg‘onada tog‘a va jiyan narkosavdogarlar 4,9 kilogramm gashish bilan ushlandi

eʼlon qilindi
Davlat xavfsizlik xizmati o‘tkazgan tezkor tadbirda qo‘shni davlatdan olib kelingan giyohvandlik moddalari musodara qilindi
Foto: Tergov.uz

Farg‘ona viloyatida tog‘a va jiyan boshqaruvidagi avtomashina va xonadondan umumiy og‘irligi 4 kilogrammdan ortiq gashish topildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi Bojxona va Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi. Unda Uchko‘prik tumani hududida Qo‘qon shahrida yashovchi, 2002-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashina tekshirildi.

Tekshiruv davomida avtomashina salonidan 4 kilogramm 41 gramm gashish moddasi topildi. Shuningdek, fuqaroning xonadonidan yana 867 gramm miqdorida gashish moddasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Tergovga qadar tekshiruv jarayonida mazkur giyohvandlik vositalari uning 1980-yilda tug‘ilgan tog‘asiga tegishli ekanligi ma’lum bo‘lgan. Ushbu moddalar O‘zbekiston hududiga qo‘shni respublikadan olib kirilgani aytilmoqda.

Hozirda jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (Kontrabanda) va 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyatchilarga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent va Surxondaryoda 35 kg narkotik kontrabandasi fosh etilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek