
Kolumbiya milliy terma jamoasi bo‘lajak Jahon chempionati uchun 55 nafar futbolchidan iborat kengaytirilgan ro‘yxatini e’lon qildi. O‘zbekiston o‘zining mundialdagi ilk o‘yinini 18-iyun kuni aynan Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi.

Ushbu ro‘yxat yirik turnirlar oldidan FIFA qoidalariga binoan e’lon qilinadigan maksimal darajadagi kengaytirilgan dastlabki ro‘yxat hisoblanadi. Kolumbiya terma jamoasi futbolchilari, asosan, Janubiy Amerika qit’asi va Yevropa chempionatlarida to‘p surishadi. Tarkibdagi eng ko‘p o‘yinchilar Braziliya (13 nafar) va Argentina (8 nafar) ligalaridan jalb qilingan.

Yevropa ligalarida harakat qiladigan 19 nafar futbolchi ham ro‘yxatga kiritilgan bo‘lib, ular asosan Angliya, Italiya, Ispaniya, Rossiya va boshqa chempionatlar vakillaridir.

Jamoaning asosiy yulduzlari qatorida «Bavariya» a’zosi Luis Diaz, «Minnesota Yunayted» pleymeykeri Hames Rodrigez kabi tajribali futbolchilar bor. Shuningdek, David Ospina va Huan Gilermo Kuadrado kabi faxriy yetakchilar ham tarkibdan joy olgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatidagi ilk uchrashuvini 18-iyun kuni Toshkent vaqti bilan tonggi soat 07:00 da aynan Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi. Ushbu uchrashuv Meksikadagi «Atsteka» stadionida bo‘lib o‘tishi belgilangan.
Avvalroq Kursiv nashri O‘zbekiston terma jamoasining may oyidagi yig‘ini uchun tarkibi e’lon qilingani haqida xabar bergani haqida xabar bergan edi.