1-iyundan elektr va tabiiy gaz uchun to‘lovlar oshiriladi

eʼlon qilindi
Yirik iste’molchilar va ayrim guruhlar uchun elektr energiyasi 1 kVt/soat uchun 1100 so‘m etib belgilangan
Foto: SDR

2026-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar amaliyotga kiritiladi. Bu haqda O‘zA hukumat qaroriga tayanib xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, yirik iste’molchilar va ayrim guruhlar uchun elektr energiyasi 1 kVt/soat uchun 1100 so‘m etib belgilangan. Aholi uchun esa iste’mol hajmiga qarab bosqichma-bosqich (tabaqalashtirilgan) narxlar saqlab qolinadi.

Xususan, maishiy iste’molchilar uchun eng past tarif 200 kVt/soatgacha bo‘lgan iste’molga 650 so‘m etib belgilangan bo‘lsa, iste’mol oshgani sayin narx ham 900 so‘m va 1100 so‘mgacha ko‘tariladi. Elektr plitalar bilan jihozlangan ayrim ko‘p qavatli uylar va yotoqxonalarda esa imtiyozli tariflar amal qiladi.

Tabiiy gaz bo‘yicha ham yangi narxlar joriy etilib, umumiy iste’molchilar uchun 1 kub metr gaz 2000 so‘m etib belgilandi. Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari uchun esa tarif yuqoriroq – 2750 so‘m bo‘ladi.

Aholi uchun gaz iste’molida mavsumga qarab imtiyozli limitlar saqlanadi: isitish mavsumida 500 kub metrgacha, qolgan davrlarda esa 100 kub metrgacha bo‘lgan iste’mol uchun arzonroq tarif qo‘llanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan gaz narxi 2027-yilgacha yuqoriligicha qolishi haqida yozgandi.

Shuningdek