Tadbirkorlar elektr uchun 100 foiz oldindan to‘lovni bekor qilishni taklif etdi

Tadbirkorlar ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun elektr energiyasi bo‘yicha 100 foiz oldindan to‘lov tizimini qayta ko‘rib chiqishni so‘ramoqda. Bu masala Savdo-sanoat palatasida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ko‘tarildi.
Ularning ta’kidlashicha, hozir elektr hisob-kitob tizimi avtomatlashtirilgan va hisobdagi mablag‘ tugashi bilan elektr ta’minoti avtomatik tarzda o‘chirilmoqda. Shu sababli tadbirkorlar faqat amalda iste’mol qilingan elektr uchun to‘lov qilish tizimiga o‘tishni taklif qilmoqda.
Tadbirkorlar fikricha, amaldagi tartib korxonalarning aylanma mablag‘larini band qilib qo‘ymoqda va ishlab chiqarishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, ayrim korxonalar elektr energiyasi ogohlantirishsiz o‘chirib qo‘yilayotgani sabab ishlab chiqarish to‘xtab qolayotganini bildirdi. Xususan, 540 nafar xotin-qiz ishlaydigan korxonada elektr uzilishi ishlab chiqarish jarayoniga katta zarar yetkazayotgani aytildi.
Tadbirkorlar elektr ta’minoti korxonalari bilan tuziladigan shartnomalarda yetkazib beruvchining javobgarligi aniq belgilanmaganini ham muammo sifatida ko‘rsatdi.
Shu munosabat bilan ular elektr uzilishlari uchun moddiy javobgarlik joriy etish, zararlarni qoplash mexanizmlarini shartnomalarda belgilash hamda ta’mirlash ishlarini ishlab chiqarishga xalaqit bermaydigan vaqtda o‘tkazishni taklif qildi.
Bundan tashqari, qarzdorligi yo‘q va intizomli tadbirkorlar uchun imtiyozli tarif yoki subsidiyalar joriy etish taklifi ham ilgari surildi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-iyundan boshlab yirik iste’molchilar va ayrim guruhlar uchun elektr energiyasi 1 kVt/soat uchun 1100 so‘m etib belgilangan. Aholi uchun esa iste’mol hajmiga qarab bosqichma-bosqich (tabaqalashtirilgan) narxlar saqlab qolinadi.