O‘zbekistonda uy-joy savdosi yil boshidan buyon 34,8 foizga oshdi

O‘zbekistonda uy-joy savdosi yil boshidan buyon 34,8 foizga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) 2026-yil aprel oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori sharhida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aprel oyida uy-joy bo‘yicha 23,3 mingta oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirilgan. Bu 2025-yil aprel oyiga nisbatan 4,7 foizga kam.
Shu bilan birga, yil boshidan buyon uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni 125 mingtadan oshgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 34,8 foizga ko‘p.
Hududlarda savdo faolligi
Yanvar–aprel oylarida uy-joy savdosi eng yuqori sur’atda Sirdaryo viloyatida oshgan. Bu hududda bitimlar soni 50 foizga ko‘paygan. Andijon viloyatida o‘sish 42 foizni tashkil etgan. Toshkent shahrida esa yil boshidan buyon uy-joy savdosi 46 foizga oshgan.

Uy-joy bozoridagi faollik qurilish hajmining ortishi bilan ham izohlanmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 15,9 mln kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirilgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 2,8 foizga yuqori.
Hududlar kesimida qurilish hajmida katta farq saqlanib qolmoqda. 2025-yilda Sirdaryo viloyatida 136,1 ming kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirilgan. Andijon viloyatida bu ko‘rsatkich 1,33 mln kvadrat metrni, Toshkent shahrida esa qariyb 1 mln kvadrat metrni tashkil etgan.
Eng yuqori qurilish hajmi Toshkent viloyatida qayd etilgan. Bu yerda foydalanishga topshirilgan uy-joylar maydoni qariyb 2 mln kvadrat metrga yetgan. Sirdaryo viloyatida uy-joy savdosining oshishiga qurilish hajmi ko‘paygani ham ta’sir qilmoqda. Yil oxirigacha hududda 3,5 mingta yangi xonadon foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Umuman, 2026-yilda O‘zbekiston bo‘yicha 140 mingta yangi turar joyni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Ikkilamchi bozorda narxlar oshdi
Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘rtacha 8,5 foizga oshgan. Narxlarning eng yuqori o‘sishi Sirdaryo viloyatida qayd etilgan. Bu hududda ikkilamchi uy-joy narxlari 20 foizga oshgan.
Surxondaryo viloyatida o‘sish 16,5 foizni, Buxoro viloyatida esa 16,3 foizni tashkil etgan. 2026-yil boshidan buyon ham ijobiy dinamika saqlanib qolmoqda. Yanvar–aprel oylarida respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari o‘rtacha 2,9 foizga oshgan. Bu davrda eng yuqori o‘sish Surxondaryo viloyatida kuzatilgan. Hududda narxlar 7,4 foizga oshgan. Samarqand viloyatida o‘sish 6,3 foizni, Xorazm viloyatida esa 6,2 foizni tashkil etgan.
Hududlar kesimida eng qimmat bozor hamon Toshkent shahri bo‘lib qolmoqda. Aprel oyida poytaxtda ikkilamchi uy-joyning o‘rtacha narxi 1 kvadrat metr uchun taxminan $1 150 ni tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati qariyb $900 va Toshkent viloyati $690 ko‘rsatkich bilan qayd etilgan.
Toshkentda birlamchi uy-joy tezroq qimmatlashmoqda
Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy narxlari mo‘tadil o‘smoqda. Birlamchi bozorda esa o‘sish sur’ati nisbatan yuqori. Yillik hisobda poytaxtda ikkilamchi uy-joy bozorida 1 kvadrat metrning o‘rtacha narxi 6,1 foizga oshgan.
Eng yuqori o‘sish Mirzo Ulug‘bek tumanida qayd etilgan. Bu yerda narxlar 9,2 foizga oshgan. Mirobod tumanida o‘sish 9 foizni, Chilonzor tumanida esa 8,3 foizni tashkil etgan. Birlamchi uy-joy segmentida narxlar o‘tgan yilning aprel oyiga nisbatan 8,8 foizga oshgan.
Eng yuqori o‘sish Yunusobod tumanida qayd etilgan. Bu hududda birlamchi uy-joy narxlari 17,3 foizga oshgan. Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘sish 16,8 foizni, Bektemir tumanida esa 11,3 foizni tashkil qilgan.
Toshkentda ijara narxlari 9,1 foizga o‘sdi

Aprel oyida Toshkent shahrida uy-joy ijarasining o‘rtacha narxi 1 kvadrat metr uchun taxminan $9,2 ni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,1 foizga yuqori.
Ijara narxlari eng yuqori darajada markaziy tumanlarda saqlanmoqda. Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha $11 atrofida shakllangan. Yillik hisobda ijara narxlarining eng yuqori o‘sishi Yashnobod tumanida kuzatilgan. Bu hududda narxlar 18,2 foizga oshgan.
Bektemir tumanida o‘sish 16,7 foizni, Yunusobod tumanida esa 14,3 foizni tashkil etgan. Shu tariqa, Toshkentda ijara bozori uy-joy sotuv bozoriga nisbatan tezroq o‘sishda davom etmoqda. Bir yil ichida o‘rtacha ijara narxlari 9,1 foizga oshgan. Uy-joy narxlarining umumiy indeksi esa 7,6 foizga ko‘tarilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri «Shaffof qurilish» tizimida sun’iy intellekt yordamchisi ishga tushirilgani haqida yozgan edi.