Yeridan ayrilgan fermerlarga qo‘llanayotgan jarimalarni qayta ko‘rib chiqish taklif qilindi

Yer maydoni qaytarib olingan ayrim fermer xo‘jaliklari jarimaga duch kelmoqda. Savdo-sanoat palatasidagi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda fermerlarning ko‘pi xo‘jalik yeridan ayrilgach, yuridik shaxs ham avtomatik tugatiladi deb o‘ylayotgani bildirildi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, yer uchastkasi qaytarib olingani fermer xo‘jaligining avtomatik tugatilishini anglatmaydi. Yuridik shaxsni tugatish alohida tartibda amalga oshiriladi va buning uchun ma’lum vaqt talab etiladi.
Natijada ayrim fermer xo‘jaliklari davlat ro‘yxatidan chiqarilmay qolmoqda. Bu esa soliq hisobotlari topshirilmagan deb hisoblanib, avtomatik tarzda jarimalar yozilishiga olib kelmoqda.
Shu munosabat bilan yig‘ilishda fermerlarni yer qaytarib olingani haqida avtomatik xabardor qilish, xo‘jaliklarni ixtiyoriy tugatish yoki qayta tashkil etish bo‘yicha soddalashtirilgan tizim joriy etish taklif qilindi.
Shuningdek, yer maydoni qaytarib olinganidan keyin faoliyat yuritmagan fermer xo‘jaliklariga qo‘llangan jarimalarni qayta ko‘rib chiqish tartibini belgilash ham taklif etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkorlar ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun elektr energiyasi bo‘yicha 100 foiz oldindan to‘lov tizimini qayta ko‘rib chiqishni so‘ragandi.
Ularning ta’kidlashicha, hozir elektr hisob-kitob tizimi avtomatlashtirilgan va hisobdagi mablag‘ tugashi bilan elektr ta’minoti avtomatik tarzda o‘chirilmoqda. Shu sababli tadbirkorlar faqat amalda iste’mol qilingan elektr uchun to‘lov qilish tizimiga o‘tishni taklif qilmoqda.