Telegram dunyoning eng ta’sirli 100 kompaniyasi qatoriga kirdi — Time

Pavel Durov asos solgan Telegram messenjeri Time jurnali tuzgan dunyoning eng ta’sirli 100 kompaniyasi ro‘yxatiga kiritildi. Platforma «Bozorni o‘zgartirayotgan kompaniyalar» toifasidan joy oldi.
Telegram bilan bir qatorda Kalshi, Palantir, Mistral va TikTok ham ushbu yo‘nalishga kiritilgan.
Time muallifi Endryu Chouning yozishicha, ayrimlar Telegram’ni so‘z erkinligining global ramzi deb bilsa, boshqalar uni noqonuniy faoliyat uchun qulay platforma sifatida baholaydi.
Nashr Telegram urush hududlaridagi odamlarning aloqa qilishi va tashqi dunyo bilan bog‘lanishiga yordam berayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, messenjer turli davlatlar tomonidan kontent nazoratini kuchaytirish talablari bilan ham yuzlashmoqda.
Aprel oyida Rossiya Telegram faoliyatiga cheklovlar joriy qila boshlagan. Pavel Durov bunga javoban «raqamli qarshilik» haqida bayonot bergan.
Fransiyada esa Durovga nisbatan noqonuniy kontent tarqalishiga yordam berganlik bo‘yicha tergov davom etmoqda. Durov barcha ayblovlarni rad qilgan.
Time ma’lumotiga ko‘ra, Telegram hozirda 1 mlrd oylik faol foydalanuvchiga ega. Kompaniya premium obunalar, reklama platformasi va media kanallar orqali daromadni oshirmoqda.
Durov 2024-yilda Telegram’ning qiymati $30 mlrddan yuqori baholanayotganini va kompaniya IPO masalasini ham o‘rganayotganini aytgan.
Messenjer 2024-yilda $547 mln foyda qilgan. 2025-yilda esa kompaniya $2 mlrd tushum va $700 mln dan ortiq foyda kutayotgani aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Telegram’da yangi AI bot imkoniyatlari taqdim etilgandi. Yangi qo‘shilgan imkoniyatlardan biri shundaki, Telegram botlari sifatida yaratilgan AI yordamchilari va avtomatlashtirilgan vositalarni endi har qanday shaxsiy yoki guruh chatida @ belgisi orqali zikr qilish mumkin bo‘ladi, hatto ular a’zo bo‘lmasalar ham.