Fond bozori: «Olmaliq KMK» aksiyalari 15 foizga oshdi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 8-maydan 15-maygacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 4,67 foizga oshdi.
Ushbu davr mobaynida «Olmaliq KMK» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 15,39 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Kapital sug‘urta» (+17,65%) va «Garant bank» aksiyalarida (+10,98%) ham o‘sish qayd etildi.
O‘z navbatida, «Kvarts» aksiyalari 6,78 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Trastbank» (-5%) va «BRB» (-4,56%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «O‘zbektelekom» va «UzAuto Motors» aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Bitimlar soni bo‘yicha «Sanoatqurilishbank (880 ta), «O‘zbektelekom» (776 ta) va «O‘zRTXB» (775 ta) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «Hamkorbank» (740,22 mln so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zRTXB» (549,22 mln so‘m) va «O‘zbektelekom» (299,84 mln so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan 28 tasi haftani ijobiy, ikkitasi o‘zgarishsiz va sakkiztasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 54,54 mlrd so‘m bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan UzNIF IPO yakunlariga ko‘ra, 600 mln dollardan ortiq mablag‘ jalb qilingani haqida xabar berilgan edi.