Biz endigina yo‘lning boshidamiz — Saida Mirziyoyeva UzNIF IPO’siga bag‘ishlangan tadbirda nutq so‘zladi

London fond birjasida UzNIF birinchi xalqaro ro‘yxatga kiritilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda Saida Mirziyoyeva nutq so‘zlab, O‘zbekiston iqtisodiyotining ochiqligi va global integratsiyasiga urg‘u berdi.
Saida Mirziyoyeva o‘z nutqida O‘zbekistonning so‘nggi to‘qqiz yil ichida sezilarli o‘zgarishlarga erishganini ta’kidladi. Uning aytishicha, mamlakat yopiq tizimdan raqobatbardosh va sarmoyaga ochiq holatga o‘tgan.

«Ba’zida mamlakatlar o‘z yo‘nalishini jimgina o‘zgartiradi, ba’zida esa bunga butun dunyo e’tibor qaratadi. Bugun O‘zbekiston uchun ana shunday lahzalardan biri», – dedi u.
Mazkur Jamg‘arma mamlakat iqtisodiyotining asosiy sohalari — energetika, transport, moliya va sanoatdagi yetakchi kompaniyalarni o‘zida birlashtiradi. Saida Mirziyoyevaning qayd etishicha, ushbu jarayon nafaqat kapital jalb qilishni, balki o‘zbek institutlariga bo‘lgan xalqaro ishonchni mustahkamlashni ham ko‘zda tutadi.

«To‘qqiz yil oldin O‘zbekiston, asosan, yopiq mamlakat edi. Bugun esa biz raqobatbardosh, investitsiyalarga yo‘naltirilgan va global iqtisodiyotga integratsiyalashgan tizimni qurmoqdamiz», – deya qo‘shmcha qildi u.
Shuningdek, kelgusida yangi IPO’lar tayyorlanayotgani va xususiy sektor ishtirokini oshirish ishlari davom etayotgani ma’lum qilindi.

«Bugun biz Londonga o‘zini kashf etishlarini istagan bozor sifatida emas, balki o‘zining iqtisodiy kelajagini ongli ravishda qayta shakllantirayotgan mamlakat sifatida keldik. Va biz bu yo‘lning endigina boshidamiz», – deya so‘zlarini yakunladi Mirziyoyeva.
Toshkent xalqaro moliya markazini barpo etish orqali xalqaro standartlarga mos mintaqaviy platforma yaratish rejalashtirilgan. Tadbir yakunida u investorlar va britaniyalik hamkorlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Avvalroq Kursiv nashri Saida Mirziyoyeva London fond birjasida UzNIF IPOsiga bag‘ishlangan rasmiy marosimda ishtirok etishi haqida xabar bergan edi.