Toshkentda nikotinning muqobillari tartibga solish dolzarbligi muhokama qilindi

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan ma’ruzalarni tinglab, asosiy fikrlarni jamladi
Foto: Kursiv Uzbekistan

15-may kuni Toshkentda Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi tashkilotchiligida «Nikotin muqobillarini tartibga solishning dolzarbligi: jamoat salomatligi va iqtisodiy manfaatlar muvozanati» mavzuida muhokama bo‘lib o‘tdi. Unda iqtisodchilar, shifokorlar va xalqaro innovatsiya yetakchilari ishtirok etib, 2023-yildagi taqiqlovchi normalarning amaldagi natijalarini tahlil qildi.

Muloqot maydoni: etika, balans va inklyuzivlik

Tadbirni ochiq deb e’lon qilar ekan, Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi direktori Saida Sulaymonova mavzuning naqadar nozik va ko‘p qirrali ekaniga e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023-yilda nikotin mahsulotlari bo‘yicha qabul qilingan qonuniy cheklovlar jamiyatda ko‘plab savollarni keltirib chiqardi.

«Biz jurnalistlar uchun bu mavzuni yoritishda etika va balans o‘rtasidagi oltin o‘rtaliqni topish muhim. Bir tomondan jamoat salomatligi, ikkinchi tomondan iqtisodiyot va odob-axloq normalari turibdi. Muammoni faqat bir tomonlama emas, balki barcha ekspertlar fikrini inobatga olgan holda, ko‘p tomonlama o‘rganish lozim», – dedi Sulaymonova.

Nosvoy: «Soya»dagi an’anaviy xavf

Mustaqil iqtisodchi Bahodir Baykobilov O‘zbekiston bozorining o‘ziga xos anomaliyalariga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, dunyo bo‘ylab chekmaydigan tamaki iste’molchilari ulushi 6,3 foizni tashkil etsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 12 foizga (asosan, nosvoy hisobiga) yetadi.

Baykobilovning tahlillari xavotirli: nosvoy tarkibida margimush, xrom va simob kabi og‘ir metallar ruxsat etilgan me’yordan yuzlab marta yuqori. Nosvoy savdosi tartibga solinmagani sababli Davlat budjeti yiliga 189,1 mlrd so‘m aksiz solig‘idan mahrum bo‘lmoqda.

«Zarari pouchlardan bir necha barobar yuqori bo‘lgan nosvoy nazoratsiz qolayotgan bir paytda soliq to‘laydigan va tarkibi aniq bo‘lgan mahsulotlarni taqiqlash iqtisodiy va tibbiy mantiqqa zid», – deydi ekspert. U nosvoyni bosqichma-bosqich (7 – 10 yil ichida) «soyadan» chiqarish va standartlashtirishni taklif qildi.

Bahodir Baykobilov

Xalqaro tajriba: Innovatsiya va «zararni kamaytirish»

We Are Innovation tashkiloti rahbari Federiko Fernandes O‘zbekistondagi og‘iz bo‘shlig‘i saratoni ko‘rsatkichi dunyodagi o‘xshash davlatlarga nisbatan mislsiz yuqori (2-o‘rin) ekaniga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, nikotinli yostiqchalar (pouchlar) bu muammoni hal qilishda innovatsion ko‘prik bo‘lishi mumkin.

Fernandes Saudiya Arabistoni va BAA tajribasini misol qilib keltirdi, u yerda ushbu mahsulotlar qat’iy davlat nazorati ostida ruxsat etilgan. «Aqlli tartibga solish mahsulotni bolalardan uzoq tutishga va unga muhtoj bo‘lgan kashandalarga xavfsizroq alternativa berishga yordam beradi», – deb qo‘shimcha qildi u.

Ushbu fikrni THRIVE Sweden direktori Sueli Kastro ham qo‘llab-quvvatladi. U Shvetsiya modelini — qulaylik, ma’qullik va hamyonboplik tamoyillarini tushuntirib berdi.

«Shvetsiyada chekish darajasi bor-yo‘g‘i 3,7 foiz. Braziliya kabi hamma narsani taqiqlagan davlatlarda esa chekish ko‘rsatkichi o‘sib bormoqda. O‘zbekistonda eng zararli mahsulot (nosvoy) 1 dollar, muqobil tizimlar esa bir necha barobar qimmat. Bu moliyaviy imkoniyatlar teskariligini anglatadi», – dedi Kastro.

15 ta nikotin mahsuloti toifalarining nisbiy xavf spektri

Ekspertlar eng zararli nikotin mahsuloti sifatida an’anaviy yonuvchi sigaretlarni olgan va ularning zarar darajasini maksimal 100 ball deb belgilagan. Qolgan barcha mahsulotlarning xavfi aynan sigaretga nisbatan qanchalik past yoki yuqoriligiga qarab qiyoslangan.

Tibbiy onkologiya: «Taqiq odamlarni nosvoyga qaytardi»

Vrach-onkolog Yaxyo Ziyayev masalaga tibbiy nuqtayi nazardan yondashib, nikotin emas, balki tamaki tutunidagi yonish mahsulotlari (smola) saratonning asosiy sababi ekanini eslatdi.

«Snuslar taqiqlangach, mening hamkasblarim va bemorlarimning 90 foizi yana nosvoyga qaytdi. Biz taqiqlash orqali bozorni nazorat qila olmay qoldik. Hozir Oloy bozoriga borsangiz, istalgan taqiqlangan narsani topasiz. Demak, taqiq ish bermayapti. Bizga chekuvchilarni ayblash emas, ularga kamroq zararli alternativa berish va qat’iy yosh verifikatsiyasini joriy etish kerak», – deya ta’kidladi onkolog.

Uning xulosasi qat’iy: «Chekmang, chekish o‘ldiradi».

Yaxyo Ziyayev taqdimotidan

Bojxona statistikasi: Noqonuniy aylanma 2,5 barobarga oshdi

Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev sohada yuzaga kelayotgan xavotirli tendensiyalarni raqamlar bilan ochiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 14-mayiga qadar bojxonachilar tomonidan 482 ta holatda 41 milliard so‘mlik 2,3 million dona tamaki va nikotin mahsulotlari (veyp, snus va h.k.) to‘xtatib qolingan.

«O‘zbekistonda har 8 soatda bitta noqonuniy tamaki mahsulotini olib o‘tish holati fosh qilinmoqda. Agar o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirsak, ushlangan mahsulotlar miqdori 2,5 barobar oshgan. Bu raqamlar taqiq va cheklovlardan so‘ng noqonuniy bozor bosimi ortayotganini ko‘rsatadi», – dedi Tangriyev.

Tangriyev aholining xabardorligi pastligi va noqonuniy olib kirish usullarining murakkablashayotganini bitta misol bilan tushuntirdi.

«13-may kuni Dubay – Toshkent reysida bitta samolyotning o‘zida 7 nafar yo‘lovchi umumiy hisobda 2000 donadan ortiq nikotinli pouchlar mahsulotini olib kirayotganda to‘xtatib qolindi. Qizig‘i, ularning barchasi cheklovlardan xabardor emasligini aytishgan. Bu esa targ‘ibot va xabardorlikni oshirishda jurnalistlar yordami naqadar muhimligini ko‘rsatadi», – deya ta’kidladi DBQ vakili.

Tadbirkorlik va «qora bozor» bosimi

«Tamakisoz» uyushmasi direktori Erkin Kozimov 2023-yildagi taqiqning iqtisodiy asoratlari haqida gapirdi. Ilgari O‘zbekistonda nikotinli pouchlar qonuniy ishlab chiqarilgan, soliq to‘lagan va sifat nazoratidan o‘tgan.

«Taqiq nima berdi? Mahsulot yo‘qolib qolgani yo‘q, shunchaki uning foydasi davlat g‘aznasidan chiqib, jinoiy guruhlar cho‘ntagiga keta boshladi. Noqonuniy sotuvchi hech qachon xaridordan pasport so‘ramaydi. Biz o‘zimizda ishlab chiqarishni to‘xtatib, kontrabandaga yo‘l ochdik», – dedi Kozimov.

Uning fikricha, muammoning yechimi — mamlakat ichida sifatli, standartlarga javob beradigan va davlat nazoratida bo‘lgan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekistonda nikotinli pauchlar nega yashirin savdoga o‘tgani haqida maqolani e‘lon qilgan edi.

Shuningdek