Tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish narxlari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin

Savdo-sanoat palatasidagi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda stomatologiya sohasidagi tadbirkorlar tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun belgilangan to‘lovlar juda yuqoriligini ma’lum qildi.
Tadbirkorlarning aytishicha, qiymati $12 mln bo‘lgan stomatologik jihozlar to‘plamini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun avval 354 BHM, ya’ni qariyb 145,8 mln so‘m to‘lov belgilangan.
Yangi narxlar bo‘yicha esa bu summa 522 BHMgacha oshib, 215 mln so‘mga yetishi mumkinligi aytilgan.
Tadbirkorlarning ta’kidlashicha, AQShda ayni shu mahsulotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish xarajati atigi $5,4 mingni tashkil qiladi.
Ularning fikricha, amaldagi tizimda hatto arzon va oddiy sarflanadigan materiallar uchun ham alohida yuqori to‘lov hisoblanmoqda. Masalan, sement aralashtirish uchun ishlatiladigan oddiy idishcha uchun ham 50 BHM miqdorida to‘lov qo‘llanayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan tadbirkorlar tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish narxlarini qayta ko‘rib chiqish va ularni MDH davlatlaridagi darajadan yuqori bo‘lmagan miqdorda belgilashni taklif qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Savdo-sanoat palatasidagi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda fermerlarning ko‘pi xo‘jalik yeridan ayrilgach, yuridik shaxs ham avtomatik tugatiladi deb o‘ylayotgani bildirilgandi.