Qozog‘iston mintaqada ilk bor sun’iy yomg‘ir chaqirish texnologiyasini sinovdan o‘tkazadi

Qozog‘iston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib sun’iy yomg‘ir chaqirish texnologiyasini qo‘llaydigan davlatga aylandi. Mamlakatning Turkiston viloyatida loyihaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
«Bu biz uchun ilm-fan, xalqaro hamkorlik va raqamli texnologiyalarga asoslangan zamonaviy iqlim infratuzilmasini shakllantirishning boshlanishidir. Loyiha dunyoning yetakchi mutaxassislari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda va texnologiyalar transferi hamda qozog‘istonlik mutaxassislarni tayyorlash uchun asos yaratadi», – dedi sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev.
Ma’lum qilinishicha, texnologiyani 17-maydan qo‘llash suv omborlarini to‘ldirish va mamlakat janubidagi fermerlarni suv bilan ta’minlash imkonini beradi. Loyiha Turkiston viloyatidagi 911 ming gektardan ortiq ekin maydonlarini qamrab oladi. Astana bu borada BAA mutaxassislari ko‘magiga tayanmoqda.
Loyihada Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va boshqa idora hamda tashkilotlar ishtirok etmoqda. Sun’iy yomg‘ir texnologiyasi yog‘ingarchilik miqdorini 10 – 20 foizgacha oshirishi mumkin. Bunday usullar hozirda Xitoy, AQSh va BAA kabi davlatlarda ham qo‘llanmoqda.
Qozog‘iston tomonining bildirishicha, foydalanilayotgan texnologiya nuqtaviy xarakterga ega bo‘lib, yog‘ingarchilikning ta’sir doirasi 5 kilometrdan oshmaydi. Sun’iy yomg‘ir chaqirish uchun esa tuzli reagentlardan foydalaniladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yeridan ayrilgan fermerlarga qo‘llanayotgan jarimalarni qayta ko‘rib chiqish taklif qilingan edi.