Prezident Ozarbayjon va Serbiya rahbarlari bilan muhim masalalarni muhokama qildi

eʼlon qilindi
BMTning Aholi punktlari boʻyicha dasturi ijrochi direktori bilan ham
Prezident Ozarbayjon va Serbiya rahbarlari bilan muhim masalalarni muhokama qildi / Foto: President.uz

Boku shahrida o‘tayotgan Butunjahon urbanizatsiya forumi doirasida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon va Serbiya davlat yetakchilari hamda BMT-Habitat ijrochi direktori bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

O‘zbekiston rahbari amaliy tashrif doirasida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan muzokara o‘tkazdi. Suhbat avvalida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon yetakchisini Butunjahon urbanizatsiya forumining muvaffaqiyatli tashkil etilgani bilan tabrikladi. Tomonlar avvalgi oliy darajadagi kelishuvlar ijrosini muhokama qilib, O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Foto: President.uz

Uchrashuvda o‘zaro savdo hajmi yil boshidan buyon 40 foizdan ortiq oshgani qayd etildi. Shuningdek, qurilish, tog‘-kon sanoati, energetika, qishloq xo‘jaligi va turizm kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish hamda qo‘shma investitsiya kompaniyasi mablag‘larini kengroq jalb qilish muhimligi ta’kidlandi. Yetakchilar xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish va transport tashabbuslari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalarini ham muhokama qildi.

Foto: President.uz

Forumning 13-sessiyasi doirasida Mirziyoyev Serbiya prezidenti Aleksandar Vučić bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish, savdo hajmini oshirish hamda mashinasozlik, kimyo, elektrotexnika, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida kooperatsiya dasturlarini ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, rektorlarning birinchi forumi, Kino va madaniyat kunlarini tashkil etish orqali gumanitar hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Foto: President.uz

Shuningdek, O‘zbekiston rahbari BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, BMTning Aholi punktlari boʻyicha dasturi (BMT-Habitat) ijrochi direktori Anacláudia Rossbach bilan uchrashdi. Tomonlar shaharlarni barqaror rivojlantirish, shahar infratuzilmasini takomillashtirish va zamonaviy shaharsozlik yondashuvlarini joriy etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. O‘tgan yili Samarqand iqlim forumi doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosi ham ko‘rib chiqilib, qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va ekspertlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Butunjahon urbanizatsiya forumida «aqlli» va xavfsiz shaharlar alyansini tuzishni taklif qilgan edi.

Shuningdek