Ilon Mask OpenAI’ga qarshi sudda yutqazdi

eʼlon qilindi
Mask OpenAI loyihasiga taxminan $38 mln kiritganini aytgan
Ilon Mask OpenAIga qarshi sudda yutqazdi
Foto: Getty images

Federal sud Ilon Maskning OpenAI’ga qarshi da’vosini rad etdi. Oklend shahrida bo‘lib o‘tgan sud jarayonida hakamlar hay’ati milliarderni qo‘llab-quvvatlamadi.

Sud qaroriga ko‘ra, Mask OpenAIga nisbatan da’vo arizasini juda kech topshirgan. Hakamlar hay’ati ikki soatdan kamroq muhokamadan so‘ng yakdil qarorga kelgan. Da’vo 2024-yilda kiritilgan edi. Mask OpenAI, uning rahbari Sem Altman va prezident Greg Brokman dastlabki kelishuvlarni buzganini iddao qilgan. Uning fikricha, kompaniya notijorat tashkilot sifatida tashkil etilgan, biroq keyinchalik daromadli biznesga aylantirilgan.

Mask OpenAI loyihasiga taxminan $38 mln kiritganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, kompaniya xavfsiz sun’iy intellektni insoniyat manfaatlari yo‘lida ishlab chiqishi kerak edi. Ammo keyinchalik loyiha tuzilmasi o‘zgargan va Mask jarayondan chetlatilgan. OpenAI esa Mask kompaniyadagi o‘zgarishlarga juda kech e’tiroz bildirganini ta’kidladi. Kompaniya fikricha, sun’iy intellekt bozori yuzlab milliard dollarlik investitsiyalar maydoniga aylanganidan keyin bunday da’vo bildirish asossiz bo‘lgan.

Sud jarayoni 11 kun davom etdi. U sun’iy intellekt atrofidagi eng shov-shuvli huquqiy nizolardan biriga aylandi. Nizo markazida nafaqat pul, balki kelajakdagi kuchli sun’iy intellekt tizimlariga kim egalik qilishi masalasi ham turdi. Shuningdek, bunday texnologiyalar qanday maqsadda ishlatilishi kerakligi ham muhokama qilindi.

OpenAI 2015-yilda Sem Altman, Ilon Mask va boshqa tadbirkorlar tomonidan notijorat tashkilot sifatida tashkil etilgan. Mask 2018-yilda direktorlar kengashini tark etgan. 2019-yilda OpenAI investitsiya jalb qilish uchun tijorat bo‘linmasini tashkil qildi. Hozir kompaniya Anthropic, Google DeepMind va Maskning xAI kompaniyasi bilan raqobat qilmoqda.

OpenAI IPO o‘tkazish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Kompaniya qiymati taxminan $1 trln bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Sud davomida Microsoft vakili korporatsiya OpenAI bilan hamkorlikka $100 mlrddan ortiq investitsiya kiritganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, OpenAI Apple kompaniyasini sudga berishi mumkinligi haqida yozgan edik.

Shuningdek