AQSh Erondagi urush sabab Rossiya neftiga imtiyozni yana uzaytirdi

AQSh Rossiya neftini xarid qilishga ruxsat beruvchi vaqtinchalik imtiyozni yana 30 kunga uzaytirdi. Bu qaror energiya narxlari keskin oshib borayotgan bir paytda qabul qilindi.
AQSh Moliya vaziri Skott Bessentning ma’lum qilishicha, imtiyoz eng ko‘p energiya tanqisligidan aziyat chekayotgan davlatlarga yordam berish uchun joriy etilgan. Unga ko‘ra, dengizda qolib ketgan Rossiya neftini vaqtincha xarid qilish imkoniyati yaratiladi.
Vazirning aytishicha, bu qaror jahon neft bozorini barqarorlashtirish va energiyaga eng muhtoj mamlakatlarga neft yetkazib berishni ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, arzon Rossiya neftini Xitoy tomonidan katta hajmda zaxiralab olishining oldini olish ham maqsad qilingan.
The Hill yozishicha, so‘nggi haftalarda Eron atrofidagi mojaro sabab Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft tashish deyarli to‘xtab qolgan. Mazkur yo‘lak orqali avval jahon neftining qariyb 20 foizi o‘tardi. Natijada neft va benzin narxlari keskin oshgan.
AQShda benzinning o‘rtacha narxi bir gallon uchun $4,52 ga yetgan. Rossiya neftiga qarshi sanksiyalar avval Bayden ma’muriyati davrida joriy qilingan bo‘lib, Tramp ma’muriyati ham ularni davom ettirgan edi.
Shu bilan birga, ayrim demokrat va respublikachi siyosatchilar Rossiya neftiga berilgan imtiyozlarni tanqid qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq nega Rossiya Berlinni yonilg‘i bilan ta’minlaydigan Qozog‘iston neft ta’minotini to‘sib qo‘yayotgani haqida ma’lumot berilgandi. Mutaxassis Sergey Vakulenko bu qaror ortida ikki asosiy sabab bo‘lishi mumkinligini qayd etgan. Birinchi sabab – Germaniyaga bosim o‘tkazish. Ya’ni Yevropani sanksiyalarni yumshatishga majbur qilish yoki ularning narxini oshirishga urinish. Bu, ayniqsa, neft bozori tang bo‘lgan paytda sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ikkinchi ehtimol – Qozog‘istonga yangi yo‘nalish taklif qilish. Rossiya neftni o‘z portlari orqali eksport qilishni taklif etib, bu obyektlarni Ukrainadan kelayotgan dron hujumlaridan «himoya qalqoni» sifatida ishlatmoqchi bo‘lishi mumkin.