Soliq qarzdorligini kamaytirib berish bilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

eʼlon qilindi
Tergov harakatlari olib borilmoqda
Soliq qarzdorligini kamaytirib berishbilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Foto: DXX

Samarqand viloyatida soliq qarzdorligini kamaytirib berish va ishga joylashtirish bilan bog‘liq ikki holat fosh etildi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Bulung‘ur tumanida faoliyat yurituvchi «Buxgalteriya markazi» DM hisobchisi fermer xo‘jaligi rahbaridan pul olganlikda gumon qilinmoqda. U qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligining 150 mln so‘mlik soliq qarzdorligini mansabdor tanishi orqali kamaytirib berishni va’da qilgan.

Ma’lumotga ko‘ra, hisobchi fermer xo‘jaligi rahbaridan dastlab 3 mln so‘m olgan. Keyin undan qo‘shimcha 15 mln so‘m talab qilgan. Ushbu pul mablag‘ini Bulung‘ur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari bilan birga olayotgan vaqtida DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Foto: DXX

Yana bir holat Kattaqo‘rg‘on tumanida aniqlangan. 2025-yilda tuman hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlagan shaxs fuqaroni tuman tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 14 mln so‘m olganlikda gumon qilinmoqda.

Biroq u bergan va’dasini bajarmagan. Tezkor tadbir davomida hozirda sobiq hokim o‘rinbosari bo‘lgan ushbu shaxs avval olgan pul mablag‘i hisobidan $1 mingni qaytarib berayotgan vaqtida fosh etilgan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 23 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek