Sulh ortidan yangi hujumlar: Livanda urush qurbonlari soni 3 mingdan oshdi

AQSh vositachiligidagi sulh muddati uzaytirilganiga qaramay, Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasidagi hujumlar davom etmoqda. Livandagi qurbonlar soni esa 3 020 nafarga yetdi, deya xabar qilmoqda Reuters.
18-may kuni Isroil Livanning janubiy hududlariga navbatdagi havo hujumlarini uyushtirdi. Livan davlat axborot agentligi va xavfsizlik manbalari hujumlar bir necha hududda amalga oshirilganini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, «Hizbulloh» Isroil kuchlariga qarshi yangi hujumlar uyushtirganini bildirdi.
AQSh vositachiligida olib borilgan muzokaralarning uchinchi bosqichidan so‘ng tomonlar o‘rtasidagi sulh yana 45 kunga uzaytirildi. Livan rasmiysining bildirishicha, yangi sulh muddati 19-may yarim tundan kuchga kirgan. Biroq shunga qaramay, harbiy harakatlar to‘xtamagan.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, 2-martdan buyon davom etayotgan urush oqibatida mamlakatda halok bo‘lganlar soni 3 020 nafarga yetgan. Ular orasida ayollar, bolalar va tibbiyot xodimlari ham bor. Vazirlik qurbonlar orasida qancha harbiylar borligiga aniqlik kiritmadi.
Isroil armiyasi esa so‘nggi 24 soat ichida Livan janubidagi 30 dan ortiq «Hizbulloh» obyektiga zarba berilganini bildirgan. Shuningdek, janubdagi uchta qishloq aholisi hududni tark etishi haqida ogohlantirilgan. Isroil tomoni bu hududlarda «Hizbulloh» faoliyatiga qarshi operatsiyalar davom etishini aytdi.
Ma’lumot uchun, 2-martdan buyon «Hizbulloh» hujumlari oqibatida Isroildan 18 nafar harbiy, shuningdek, mudofaa vazirligi uchun ishlagan bir pudratchi va ikki nafar tinch aholi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Erondagi urush sabab Rossiya neftiga imtiyozni yana uzaytirgani haqida xabar qilingan edi.