12 va undan yuqori jarima ball olgan haydovchilar soni 107 nafarga yetdi

eʼlon qilindi
Ularning barchasi haydovchilik huquqidan mahrum etiladi
O‘zbekiston haydovchilari
12 va undan yuqori jarima ball olgan haydovchilar soni 107 nafarga yetdi / Foto: Facebook

1-aprelidan buyon 107 nafar haydovchi 12 va undan ortiq jarima ball to‘plab ulgurdi. Endilikda ular sud tartibida haydovchilik huquqidan mahrum etiladi, deya ma’lum qilmoqda YHXX matbuot xizmati.

Amaldagi tartibga ko‘ra, haydovchilik huquqidan mahrum qilingan fuqarolar transport vositasini boshqarish huquqini qayta tiklash uchun maxsus o‘quv kurslarini o‘tashi kerak bo‘ladi. Ular tegishli toifadagi avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash yoki qayta tayyorlash dasturining nazariy va amaliy mashg‘ulotlarini to‘liq tamomlashi lozim.

Shuningdek, haydovchilar nazariy imtihondan ham muvaffaqiyatli o‘tishi talab etiladi. Bunda 50 ta savoldan kamida 46 tasiga to‘g‘ri javob berish shart hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 1-aprelidan boshlab qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlovchi qurilmalar orqali qayd etilgan to‘rt turdagi xatolik uchun ball hisoblash tizimi ishga tushirildi. Ular orasida taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmaslik, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish, yo‘lning qarama-qarshi bo‘lagida harakatlanish hamda tezlikni oshirish holatlari bor.

Amaldagi tartibga binoan, jarima ballari 8 ga yetganda haydovchi mobil telefoniga yuborilgan SMS xabarnoma orqali ogohlantiriladi. Ballar miqdori 12 dan oshganda esa haydovchilik huquqi sud tartibida bekor qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, may oyining boshidayoq yil davomida yo‘l harakati qoidalarini buzib, 12,5 jarima balli to‘plagan birinchi haydovchi aniqlangan edi.

Shuningdek